Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkentning Yakkasaroy tumani sudining Qushbegi mavzesida joylashgan GTA Showroom korxonasi binosida ishchi va mijozlarga namoz o‘qishga sharoit yaratib bergani uchun 21,6 mln so‘m miqdorida jarimaga tortgani aks etgan qaror nusxasi tarqaldi.


Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

Unda qayd etilishicha, sud majlisida huquqbuzar 2021 yil 12 yanvar kuni o‘ziga tegishli korxona hududida namoz amallarini bajarishga sharoitlar yaratib bergani, uning yomon niyati bo‘lmagani, u shunchaki o‘z ishchilariga o‘z namozlarini o‘qishi uchun sharoit yaratgani, qilgan ishidan pushaymonligini bildirib, unga nisbatan yengillik berishni so‘rab ko‘rsatuv bergan.

Sudning fikricha, huquqbuzar o‘zining ushbu harakatlari bilan MJtKning 201-moddasi 2-qismida (diniy yig‘ilishlar, ko‘cha yurishlari va boshqa diniy marosimlar o‘tkazish qoidalarini buzish) ko‘rsatilgan ma’muriy huquqbuzarliklarni sodir qilgan.

O‘zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi spikeri o‘rinbosari, «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi markaziy kengashi raisi Alisher Qodirov ushbu qaror yuzasidan munosabat bildirib, «Ibodat — diniy marosim emas, u e’tiqodning o‘zagi, erkinligi kafolatlangan huquqdir», — deb yozdi.

Alisher Qodirovning fikricha, sudya tadbirkorga nisbatan MJTKning 201-moddasini noto‘g‘ri qo‘llagan.

«Sudya ibodat uchun sharoit yaratgan Farhod Rahmonovga nisbatan MJKning 201-moddasi ikkinchi qismi bilan jarimani xato qo‘llamoqda. Modda ibodat yoki ibodatga sharoit yaratganlik uchun emas, „diniy marosim“ o‘tkazish talabini buzganlik uchun qo‘llaniladi», — deya ta’kidladi «Milliy tiklanish» partiyasi yetakchisi.

U inson huquq va erkinliklari ustuvor deb hisoblanayotgan mamlakatimizda e’tiqod qiluvchilarni ibodat amallari uchun, butun dunyoda keng qo‘llanilayotgan amaliyot sifatida, jamoat joylarida ham qulay sharoit yaratib berilishi kerakligini ham qayd etib o‘tdi.