Ukrainada ta’lim olayotgan o‘zbekistonlik talabalar o‘qishni masofaviy davom ettirishlari mumkin bo‘ladi. Bu haqda O‘zbekistonning Kiyevdagi echixonasi ma’lum qildi.

Elchixona ma’lumotiga ko‘ra, Ukraina Ta’lim va fan vazirligining 25 yanvardagi 1/1266-sonli va 2022 yil 15 fevraldagi 1/2588−22-sonli xatlari bilan Ukrainaning barcha oliy o‘quv yurtlariga masofaviy ta’limni joriy etish tavsiya qilingan. Ukrainaning barcha OTMlariga o‘qishni mustaqil ravishda tark etish istagini bildirgan talabalardan tashqari har qanday sababga ko‘ra talabalarni o‘qishdan chetlatmaslik kerakligi aytilgan.

Ushbu qoida tibbiyot sohasidan tashqari barcha mutaxassisliklar talabalariga taaluqli.

Yuqoridagilarni va havo qatnovida kuzatilgan uzilishlarni hisobga olgan holda o‘zbekistonlik talabalarga o‘z vatanlarida o‘qishni masofaviy shaklda davom ettirish imkoniyatlarini ko‘rib chiqish tavsiya etilgan.

Avvalroq Ukrainadagi vaziyat keskinlashgani va favqulodda holat joriy etilganini inobatga olib, O‘zbekistonning Ukrainadagi elchixonasi o‘zbekistonliklarni evakuatsiya qilish rejasini ishlab chiqayotganligini ma’lum qildi.