Ikkinchi kursdan talabalarga ishlash imkoniyati berilishi mumkin. Bu haqda oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri Abduqodir Toshqulov Qoraqalpog‘istonda talabalar bilan uchrashuv davomida ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, talabalarga amaliyot muddatini ko‘paytirish kerak.

«Kerak bo‘lsa, butun o‘quv rejada qator OTMlarda 70% amaliyot qilish kerak. Pedagogika yo‘nalishda 4+2 yo‘nalishini joriy qilish — 4 kun institutda, 2 kun maktabda», — dedi vazir.

«Bilasizlarmi, biz bugungacha qanday byurokratiyalar qildik-da, sirtqi ta’limda o‘qiydigan talabani ishga olmadik. O‘zi sirtqi [ta’lim]dan maqsad nima? Ishlab, o‘qisin… Yo‘q, sen oldin bitirib, diplomingni ol, keyin ishga olamiz, dedik. O‘qib turgan talabani agar biror qarindosh urug‘ligi bo‘lmasa, katta kurs bo‘lmasa, uni ham [ishga] olmadik», — dedi Abduqodir Toshqulov.

Endilikda oliy ta’lim muassasalarida ishlash bilan bog‘liq yangi tizim yaratilishi, talabalarga 2 kursdan boshlab o‘z yo‘nalishida ishlashiga ruxsat berilishi ma’lum qilindi.

«Biz hozir shunday tizim qilmoqchimiz, menimcha pedagogika yo‘nalishlari bundan juda xursand bo‘ladi. Ikkinchi kursdan boshlab, bemalol maktablarga borib, oylik olib ishlash mumkin bo‘ladi. Pedagogika bo‘yicha prezidentimiz yig‘ilish qildi va shunda qat’iy ta’kidladi-ki, ikkinchi kursdan borib, ham o‘qisin, ham ishlasin», — deya ta’kidladi u.

Shuningdek, u bunda talabalarning asosan o‘z sohasi bo‘yicha ishlashini so‘ragan.

«Ishlaganda ham o‘zining sohasida ishlasin. Men buni hurmat qilaman. Men ham [talabalik vaqtimda] yakshanba kunlari mehmonxonalarga borib yuk tushirganman, yaxshi yashash uchun. O‘rtahol oilada katta bo‘lganman. Lekin, o‘zining yo‘nalishi bo‘yicha oz bo‘lsa ham pul topganlarga havasim keladi», — dedi vazir.

«Masalan arxitektura, qurilish texnologiyalaridagi [talaba]lar shunaqa o‘qishga borib, ozgina ishlab oylik olsa, kundan-kun o‘sib ketaveradi. Ofitsiant bo‘lib ishlagandan ko‘ra, turizmda, mehmonxona xo‘jaligida o‘qiyotganlar bo‘lsa, mayli bo‘lsin, lekin, yuridik va jurnalistikada o‘qiyotganlar, boshlang‘ich ta’lim [yo‘nalishida] o‘qiyotganlar sohasi bo‘yicha ketishi kerak», — dedi Abduqodir Toshqulov uchrashuvda.