NATO doimiy vakillari payshanba kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda ittifoqdoshlarni himoya qilish uchun inqiroz davrida alyans mamlakatlariga javob qaytarish kuchlarini joylashtirishni ko‘zda tutgan mudofaa rejasini amalga oshirishga kelishib oldilar, deya ma’lum qildi RIA Novosti alyans bosh kotibi Yens Stoltenberg so‘zlariga tayanib.

«Biz vujudga kelgan vaziyatni muhokama qildik, doimiy vakillar harbiy maslahatchilardan tavsiyalarni olganlaridan keyin alyans davlatlariga inqiroz vaqtida, jumladan, tezkor javob qaytarish kuchlarini joylashtirishni ko‘zda tutuvchi mudofaa rejamizni amalga oshirishga kelishib oldilar», — deya ma’lum qildi u.

Bosh kotib ko‘riladigan choralar ittifoqdoshlarni himoya qilishga qaratilganini qo‘shimcha qildi.

Shu bilan birga, Yens Stoltenberg NATO Ukrainada alyans kuchlarini joylashtirmoqchi emasligini bildirdi.

Bundan tashqari, u Bosfor bo‘g‘ozini Rossiya kemalari uchun yopish ham ko‘zda tutilmaganini qayd etib o‘tdi. Avvalroq Ukrainaning Anqaradagi elchisi Kiyev Turkiyadan Bosfor va Dardanel bo‘g‘ozlarini Rossiya uchun yopishni so‘ragan edi.

NATO bosh kotibi 25 fevral kuni Ukraina bo‘yicha onlayn sammit bo‘lib o‘tishini ham ma’lum qildi.

Avvalroq Yens Stoltenberg RFning Ukrainadagi harakatlarini qoralashi haqida bayonot bilan chiqqan edi.

«Men Rossiyaning Ukrainaga asossiz vaxoinona hujumini keskin qoralayman. Hujum ko‘plab insonlarning hayotini xavf ostiga qo‘ymoqda», degan NATO rahbari o‘z bayonotida.

Stoltenberg Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirish harakatini «xalqaro huquqning jiddiy buzilishi», «yevroatlantika xavfsizligiga tahdid» sifatida baholagan.