2021 yilda Adliya vazirligi tomonidan qonun buzilishi holatlarini bartaraf etish bo‘yicha 24,8 mingta taqdimnoma kiritilgan. Bu haqda «Gazeta.uz»ga vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.

Shundan eng ko‘p — ta’lim muassasalariga 8232 ta, hokimliklarga 2633 ta kiritilgan. Sog‘liqni saqlash muassasalariga 1492, bandlik va mehnat munosabatlari idoralariga 919, kadastr agentligi tashkilotlariga 654 taqdimnoma kiritilgan.

Shuningdek, fuqaro A.H. Rossiyaning Pskov davlat universiteti tarix fakultetini bakalavr bosqichini 2018 yilda tamomlaganini, lekin bu O‘zbekistonda tan olinmayotgani bo‘yicha Adliya vazirligiga murojaat qilgan.

«Murojaat bo‘yicha Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasiga taqdimnoma kiritilgan va natijasida fuqaroning xorijda o‘qiganlik diplomi tan olingan», — deyiladi ma’lumotda.

Bundan tashqari, fuqaro T.M. ikki oydan buyon ishsizlik nafaqasi to‘lanmayotgani to‘g‘risida murojaat qilgan. O‘rganish davomida, Andijon viloyatida ishsizlik nafaqasi bo‘yicha jami 1,3 mlrd so‘m qarzdorlik mavjudligi aniqlangan. Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligiga kiritilgan taqdimnoma natijasida Moliya vazirligi tomonidan qo‘shimcha mablag‘ ajratilishi hisobiga ishsizlik nafaqasi bo‘yicha qarzdorliklar bartaraf etilgan.

Taqdimnomalar natijasida 9,2 ming nafar shaxslar ma’muriy, 15,7 ming nafar shaxslar intizomiy javobgarlikka tortildi, shundan 733 nafar xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilingan.

Avvalroq, Adliya vazirligi maktablardagi kadr xizmati xodimining lavozim razryadlarini pasaytirib ko‘rsatish oqibatida oylik maosh 16 mlrd so‘mga kamroq to‘lab berilganini aniqlagandi. Hozirga qadar ko‘rilgan ta’sir choralari natijasida esa faqatgina 3 mlrd so‘m maosh to‘lanishiga erishilgan.