Samarqand shahrida ichki ishlar xodimlari viloyatlararo yo‘nalishlarni noqonuniy yo‘l bilan egallab olgan yana bir guruh shaxslarni qo‘lga oldi, deb xabar бермоқдаSamarqand IIB matbuot xizmati.

Xabarda ta’kidlanishicha, «Samarqand-Navoiy» yo‘nalishdagi avtoshohbekatni zo‘ravonlik bilan egallab olganlikda gumonlanayotgan bir guruh sportchilar qo‘lga olingan.

«Samarqand shahrida yashovchi bir guruh sportchilar „Samarqand-Navoiy“ yo‘nalishdagi avtoshohbekatni zo‘ravonlik va o‘zboshimchalik bilan noqonuniy ravishda egallab olib, haydovichlardan ushbu yo‘nalishga kirish uchun pul talab qilib kelishgan», — deyiladi xabarda.

IIBga ko‘ra, sportchilar «Samarqand-Navoiy» yo‘nalishiga kirish uchun haydovchilardan 500 dollardan, kunlik qatnovchi haydovchilardan esa 50 ming so‘mdan pullarni tovlamachilik yo‘li bilan olib kelganlikda gumonlanmoqda.

O‘zbekiston IIV JQBB, DXX, Prokuratura hamda viloyat IIB JQB Uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash bo‘limi xodimlari hamkorligida tezkor tadbir o‘tkazilib, ushbu faoliyat bilan shug‘ullanib kelayotgan 7 nafar shaxslar qo‘lga olinib, ularning jinoiy faoliyatiga chek qo‘yilgan.

Samarqand shahar «Gala Osiyo» mahallasida yashovchi 1985 yilda tug‘ilgan Sh. D. ushbu jinoiy guruhga yetakchilik qilgani aytilmoqda.

Mazkur holat yuzasidan Samarqand shahri bo‘yicha IIO FMB huzuridagi TB tomonidan Sh. D. va boshqa shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining 165-moddasi (tovlamachilik) 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Sal avval Samarqand IIB muqaddam jinoiy javobgarlikka tortilgan 7 nafar shaxs «Samarqand-Navoiy» va «Samarqand-Buxoro» yo‘nalishida qatnovchi haydovchilardan zo‘ravonlik va tovlamachilik yo‘li bilan pul tama qilib kelgani haqida xabar bergan edi. Guruh a’zolarining faoliyatiga qarshi chiqqan yoki so‘ralgan pul mablag‘larini bermagan haydovchilarga guruh tomonidan yollangan bir guruh uyushgan sportchilar tomonidan jismoniy tazyiq, zo‘ravonlik va og‘ir turdagi tan jarohatlari yetkazilgani aytilgandi.