O‘zbekistonda jismoniy shaxslar va chet el fuqarolariga (norezidentlar) davlat qimmatli qog‘ozlarini (DQQ) xarid qilish huquqi beriladi, deya xabar qildi Moliya vazirligi matbuot xizmati. Xabarga ko‘ra, bunga Vazirlar mahkamasining 21 fevralda tasdiqlangan qarori asos bo‘ladi.

Qayd etilishicha, hozirgi kungacha DQQni jismoniy shaxslar va norezidentlar orasida joylashtirilishi qonunan nazarda tutilmagan edi.

«Moliya vazirligi tomonidan davlat qarzi portfelini diversifikatsiyalash va valyuta xatarlarini pasaytirish maqsadida DQQ chiqarish hajmini oshirish va ikkilamchi bozorni rivojlantirish choralari ko‘rilmoqda», — deyiladi vazirlik xabarida.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Moliya vazirligi tomonidan 2018 yilda 3 ta auksionda 597,1 mlrd so‘m, 2019 yilda 15 ta auksionda 1,5 trln so‘m, 2020 yilda 22 ta auksionda 5,0 trln so‘m va 2021 yilda 64 ta auksionda 4,9 trln so‘m qiymatga ega DQQ joylashtirilgan.

Shuningdek, «2022 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti to‘g‘risida»gi qonunga muvofiq, joriy yilda chiqarilishi ko‘zda tutilgan davlat qimmatli qog‘ozlarining cheklangan sof hajmi 6,0 trln so‘mni tashkil etadi.

Shuningdek, hukumat qaroriga binoan DQQ bozorini rivojlantirishga doir qator vazifalar belgilangan. Jumladan:

  • DQQ bozorida diler funksiyalarini bajarish uchun birlamchi va ikkilamchi dilerlik tushunchalari kiritiladi;
  • inflyatsiyaga bog‘langan DQQ chiqarish imkoniyati yaratiladi;
  • daromadlilik va foizlarni hisoblashda Xalqaro kapital bozorlari xalqaro assotsiatsiyasi tomonidan qo‘llaniladigan formulalardan foydalaniladi;
  • auksion natijalari bo‘yicha hisob-kitoblar T+0, T+1 va T+2 xalqaro standartlari asosida amalga oshiriladi;
  • xalqaro identifikatsiya kodlarini berish orqali DQQ muomalaga chiqarish imkoniyati yaratiladi;
  • DQQ bo‘yicha foiz to‘lovlarini to‘lash xalqaro standartlarga mos har olti oyda amalga oshiriladi;
  • DQQ bozoridagi operatsiyalar to‘g‘risidagi axborotlar muntazam ravishda Moliya vazirligi, Markaziy bank va O‘zRVBning rasmiy veb-saytlarida e’lon qilib boriladi.

Vazirlikning qayd etishicha, mazkur o‘zgarishlar «DQQ bozorini xalqaro standartlarga moslashtirib, uni samarali boshqarish hamda xalqaro investorlarni ichki moliya bozoriga jalb qilishga xizmat qiladi».

Yanvar oyida Moliya vazirligi O‘zbekiston ilk bor valyuta birjasiga 10 yil muddatga 10 mlrd so‘mlik davlat obligatsiyalarini joylashtirganligi haqida xabar qilgan edi. Bundan tashqari, 174,5 mlrd so‘mlik muomala davri 5 yil bo‘lgan obligatsiyalar ham birjaga chiqarilgan.