Prezident Shavkat Mirziyoyev Beruniy tumani faollari va rahbarlar bilan muloqot vaqtida mas’ullar ishlamayotganini tanqid qildi. Bu haqda Daryo xabar berdi.

«Beruniy tumanida 24 foiz aholi to‘q yashaydi. Xatlovlar natijasiga ko‘ra, 71 foiz beruniyliklar qo‘shimcha daromad topishni xohlashlarini bildirgan. Yana 5 foizi esa ijtimoiy himoyaga muhtoj. Bu juda ham katta ko‘rsatkich. Mana shu sonlar mas’ullarning qanchalik yomon ishlaganiga ishora. Umuman ishlamagansizlar, desak ham bo‘ladi», — dedi prezident.

Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpog‘istonning ayrim tumanlari sektor rahbarlariga Samarqandga tashrifi davomida 10 nafar mas’ulning ishdan olinganini eslatib o‘tgan.

«Samarqandda ayrim hokim va prokurorlarni ishdan oldim. Ularning ko‘zlariga qaradim, hammasi mudrab o‘tiribdi, ishlamagan. Agar biz mudrasak, insonlarimiz bizdan qachon rozi bo‘ladi?», — deya savol bilan yuzlandi u.

Eslatib o‘tamiz, 10 fevral kuni Shavkat Mirziyoyev Samarqandga borganida faoliyatida jiddiy xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘ygani uchun Samarqand tumani hokimi (N.Mavlonov), Nurobod tumani hokimi (F.Zairov), Oqdaryo tumani prokurori (D.Kubayev), Samarqand shahri, Samarqand va Oqdaryo tumanlari ichki ishlar bo‘limlari boshliqlari, Urgut va Payariq tumanlari davlat soliq inspeksiyalari boshliqlari hamda viloyat elektr tarmoqlari korxonasi rahbari G‘.Mamatqulovni ishdan olgandi.

Ularning ba’zilariga nisbatan to‘plangan, shu jumladan korrupsiya holatlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar asosida jinoiy ish ochish masalasi o‘rganib chiqilishi belgilangandi.

Shuningdek, banklarda korrupsiya evaziga kredit berish holatlari ko‘pligi hamda qaytarilmayotgan kreditlar hajmi yuqoriligi ham ta’kidlanib, Milliy bank, Xalq banki va Asaka bankdagi holatlar bo‘yicha jinoiy ish ochilishi aytilgandi. Prezident Markaziy bankning Samarqand viloyati Bosh boshqarmasi boshlig‘i O.To‘xtayevni ishdan olish bo‘yicha topshiriq bergan edi.