Jizzax viloyatida o‘zbekistonliklarni aylanma yo‘llar orqali xorij davlatlariga jo‘natishga va’da qilganlikda gumonlangan shaxslar qo‘lga olindi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.

Bu borada Bosh prokuratura huzuridagi Departament hamda DXXning Jizzax viloyati boshqarmalari tomonidan tezkor tadbir o‘tkazildi.

Fuqaro Sh. Sh. boshqa bir fuqaro J.ga uni tanishlari yordamida Turkiya, Italiya yoki Meksika davlatlari orqali aylanma yo‘llar bilan AQSh hududiga olib o‘tishi va ushbu davlatda ishga joylashtirib qo‘yish evaziga 20 000 dollarni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Shunga o‘xshash holat Farg‘ona viloyatida ham kuzatildi. Fuqaro A.S. fuqaro N.ning 3 500 AQSh dollari evaziga Koreya davlatiga ishga jo‘natishni va’da qilib, oldindan 300 AQSh dollari va 500 ming so‘mni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangani aytilmoqda.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atildi.

Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.