Respublika maxsus komissiyasining navbatdagi yig‘ilishida ish beruvchilar o‘z xodimlarining koronavirusga qarshi emlanishi va buster doza olishiga mas’ul bo‘lishi ta’kidlandi. Bu haqda «Gazeta.uz» muxbiri xabar berdi.

Unga ko‘ra, ish beruvchilarga qo‘l ostidagi ishchi-xizmatchilarning koronavirus infeksiyasiga qarshi emlanganlik, shu jumladan, buster doza bilan emlanish darajasi 90 foizdan kam bo‘lmasligiga erishish majburiyati yuklatildi.

Maxsus komissiya qaroriga ko‘ra, davlat organlari, xo‘jalik yurituvchi subyektlar va boshqa tashkilotlar xodimlarining koronavirus infeksiyasiga qarshi, shu jumladan, buster doza bilan emlanmaganligi aniqlanganda, ular vaqtinchalik ishdan chetlashtiriladi.

Xodim koronavirus infeksiyasiga qarshi buster doza bilan emlanishni rad etganda, ish beruvchi tomonidan uning vaqtincha ishdan chetlashtirilishini Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati qat’iy nazoratga oladi.

2021 yilning avgust oyida Mehnat kodeksining 113-moddasiga xodim karantinli va yuqumli kasalliklar tahdidi bo‘lganda Bosh davlat sanitariya vrachi qarori asosida profilaktik emlashdan o‘tishni rad etsa (qarshi ko‘rsatma mavjud bo‘lmaganda) ish beruvchi uni ishga qo‘ymaslikka haqli ekanligiga oid ko‘shimcha kiritilgan edi.

Oldinroq, 1 martdan boshlab O‘zbekistonda niqob taqish majburiyati bekor qilingani haqida xabar berilgandi.