Farg‘ona viloyatida 30 nafar talabaga o‘qishini Qirg‘izistondan O‘zbekistonga ko‘chirib berishga va’da qilgan to‘rt nafar fuqaro qo‘lga olindi, deb xabar bermoqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti.

Ta’kidlanishicha, fuqarolar Sh. I., M.A., J.O. va N.U. fuqaro M.dan Qirg‘izistondagi O‘sh davlat universitetida tahsil olayotgan 30 nafar talabaning o‘qishini O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalariga ko‘chirib berishga va’da bergan.

Ular o‘z xizmatlari evaziga 67 ming dollarni olgan vaqtida Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti hamda DXXning Farg‘ona viloyati boshqarmalari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan, tergov harakatlari olib borilmoqda.