«Gazeta.uz» 7 fevraldan boshlab Qoraqalpog‘iston va Xorazmda tajriba-sinov tariqasida keytring usulida bepul ovqat yetkazib berish boshlangani haqida yozgandi.

Chorshanba kuni Shavkat Mirziyoyev Mo‘ynoqqa tashrifi chog‘ida faollar bilan uchrashuvdi va ulardan Qoraqalpog‘istonda maktab o‘quvchilariga bepul ovqatlar berilayaptimi deb so‘radi.

Daryoning xabar berishicha, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi Qahramon Sariyev o‘quvchilar uchun ovqatlar berilayotganini tasdiqladi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ayni vaqtda 142 ming nafar bolalar bepul ovqat bilan ta’minlanmoqda. «Hatto ba’zilari uylariga ham olib ketyapti», — dedi Sariyev.

«Uyiga olib ketishsa ham mayli. Yesa, kuchli bo‘lsa, sog‘lig‘i tiklansa bo‘ldi. Nasib qilsa, pulimiz ko‘paygandan keyin uylariga ham qilib beramiz. Bu ham „Qoraqalpog‘iston tajribasi“ bo‘ldi. Buni endi boshqa viloyatlarda yo‘lga qo‘yamiz. Hali yuqori sinf o‘quvchilariga ham bu narsani joriy etamiz», — dedi prezident.

Qolaversa, suhbat davomida «Hakim ota» ovulidan tashrif buyurgan maktabgacha ta’lim sohasi vakili Baxtigul Kitaybekova bog‘chalarga bolalarni 2 yoshdan qabul qilish masalasida davlat rahbariga murojaat qildi.

U Mo‘ynoqdan 70 kilometr naridagi ovulda yashashini va ovulda ikki qavatli bog‘cha qurilganini aytdi. Ta’kidlanishicha, bog‘cha «Adolat» deb nomlangan. Prezident buni eshitib samimiy kulgan.

«Bog‘chamizdagi sharoit Toshkent shahrida ham yo‘q bo‘lsa kerak, deb o‘ylab qolaman. Sizdan bir iltimos, hech bo‘lmasa olis hududlar uchun bolalarni bog‘chaga 3 yoshdan emas, 2 yoshdan olishga ruxsat bersangiz», — degan Baxtigul Kitaybekova.

Davlat rahbari o‘zi ham shuni reja qilganini ta’kidladi.

«Qoraqalpog‘istonda birinchi bosqichda maktablarda boshlang‘ich sinf o‘quvchilariga bepul ovqat berishni joriy etdik. Bu juda ma’qul ish bo‘ldi, deyish mumkin. Bog‘chalarga bolalarni 2 yoshdan qabul qilish bo‘yicha mening ham niyatim bor. Ammo hali ozroq vaqt bor. Iqtisodiyotimizni salgina mustahkamlab olaylik, keyin bu ishni amalga oshiramiz», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, «agar hozir bu faqat Qoraqalpog‘iston uchun yo‘lga qo‘yilsa, boshqa hududlarga nisbatan to‘g‘ri bo‘lmaydi».

Eslatib o‘tamiz, Keytering xizmatini tashkil etish uchun 2022 yilda mahalliy budjetdan 200 mlrd so‘m mablag‘ ajratilgan. Unga ko‘ra, o‘quvchilar 470−500 kkaloriyaga ega ovqat, tabiiy sok va mevalar bilan ta’minlanadi. Hozirgi kunda Qoraqalpog‘istonda 726 ta umumta’lim maktablarida jami 139 819 nafar hamda Xorazmda 549 ta umumiy o‘rta ta’lim maktablarida jami 136 383 nafar boshlang‘ich sinf o‘quvchilari ta’lim tarbiya olmoqda.

Ma’lumot uchun, Prezident saylovida O‘zLiDeP nomzodi Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatidagi saylovchilar bilan uchrashuvda maktablarning boshlang‘ich sinf o‘quvchilarini bepul tushlik bilan ta’minlash taklifini ilgari surgandi.