Tojikiston Respublikasining Xo‘jand shahridan Farg‘ona viloyatining Qo‘qon shahriga avtobus qatnovi yo‘lga qo‘yildi, deb xabar berdi O‘zA.

Ta’kidlanishicha, Xo‘janddan yo‘lga chiqqan yo‘lovchilar «Andarxon» chegara maskanida kutib olinib, Qo‘qon shahriga kuzatib qo‘yilgan. Beshariq tumani hokimi Rasuljon Jo‘rayev bojxona maskanida Tojikistondan kelayotgan yo‘lovchilarni kutib olib ularga oq yo‘l tilagan.

Transport vazirligi matbuot kotibi Navro‘z Ashurmatovning «Gazeta.uz»ga ma’lum qilishicha, qatnovlar Tojikistonning Asian Express korxonasi tomonidan amalga oshirilmoqda. O‘zbekiston tomonidan esa Uzautotrans service MCHJ ushbu yo‘nalishda xizmat ko‘rsatadi.

Qatnovlar dushanbadan tashqari har kuni amalga oshiriladi. Yangi xalqaro yo‘nalishda ish boshlagan avtobus qatnovi ertalab soat 8:00 da Xo‘jand shahridan Qo‘qonga yo‘l oladi. Soat esa 17:00 da Qo‘qon shahridan orqaga Xo‘jand shahriga yo‘l oladi. Yo‘lkira narxi Xo‘janddan Qo‘qongacha 100 ming so‘mni tashkil etadi.

«Yo‘lovchilarning talab va istaklariga ko‘ra avtobus qatnovi ko‘paytirilishi mumkin», — deyiladi xabarda.

Xo‘jand-Qo‘qon yo‘nalishidan tashqari hozirgi vaqtda Toshkent-Xo‘jand yo‘nalishida ham avtobus qatnovlari amalga oshirilmoqda.

«Toshkent» avtovokzali ma’lumotiga ko‘ra, Toshkent-Xo‘jand o‘rtasida avtobus qatnovlari kuniga ikki marotaba soat 9:00 va 18:00 da amalga oshiriladi.