Energetika vazirligi huzuridagi Qayta tiklanuvchi energiya manbalari milliy ilmiy-tadqiqot instituti olimlari Quyosh texnologiyalarini qo‘llagan holda elektromobillarni yuqori tezlikda zaryadlovchi qurilmalarini yaratish va ishlab chiqish loyihasi ustida ish olib bormoqda. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.

Bunda O‘zbekiston iqlim sharoitini hisobga olgan holda energiya saqlash tizimiga ega bo‘lgan quyosh fotoelektr tizimi orqali mahalliy elektr tarmog‘i bilan parallel holda ishlaydigan elektromobillarni tez zaryadlash qurilmasi ishlab chiqiladi va barcha hududlarda joriy etiladi.

«Buning natijasida, respublikada o‘rnatilgan har bir tizim yiliga 32 ming kVt.soat elektr energiyasi ishlab chiqarib, 950 ta elektromobillarni zaryadlash imkoniyati yaratiladi hamda 11,2 ming kub metr tabiiy gaz tejalib, atmosferaga 19,8 tonna zararli gazlar chiqishining oldi olinadi», — deyiladi xabarda.

Shuningdek, institut olimlari markaziy elektr tarmoqlariga quyosh fotoelektr tizimlarini joriy etishni amalga oshirish yo‘nalishlari va texnik iqtisodiy asoslarini ishlab chiqish hamda tayyorlash loyihasini ham amalga oshirmoqda.

Ta’kidlanishicha, loyiha respublika hududlarida iqlim sharoitlarini hisobga olgan holda fotoelektr tizimlarni umumiy elektr tarmog‘iga ishonchli ulash bo‘yicha aniq yechimlar, texnik-iqtisodiy asoslarni ishlab chiqish va ularning xavfsiz ishlash mezonlarini yaratishni nazarda tutadi.

Fotoelektr tizimlar umumiy elektr tarmog‘iga ulangan iqtisodiyotning barcha sohalari obyektlarida, aholi yashash joylarida, xususiy va davlat korxonalari obyektlarida qo‘llaniladi. Afzalliklari — fotoelektr ishlab chiqargan elektr energiyasi elektr tarmoqqa minimal yo‘qotishlar bilan uzatiladi. Hududlar iqlim sharoitini hisobga olgan holda fotoelektr tizimlarni tarmoqqa ulash va tarif mexanizmlar bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqiladi.

Bundan tashqari, Quyosh radiatsiyasi, shamol tezligi va yo‘nalishi, havo harorati, yog‘ingarchilik miqdorini o‘lchab borish meteostansiyalarini kichik hajmlarda ishlab chiqarish loyihasi ustida ham ish olib borilmoqda. Loyiha «O‘zgidromet», Energetika vazirligi, Oliy ta’lim, sanoat korxonalari, va tadbirkorlar, fermer xo‘jaliklarida qo‘llaniladi.

«Bu — meteostansiyada olingan ma’lumotlar bazasi asosida respublikada quyosh va shamol stansiyalarini barpo etish, ularning samarali ishlashini ta’minlash, metrologik o‘zgarishlarni oldindan bashorat qilish imkonini beradi», — deyilgan vazirlik xabarida.

Vazirlik ma’lum etishicha, institut tuzilmasida Vodorod energetikasi ilmiy-tadqiqot markazi hamda Qayta tiklanuvchi va vodorod energetikasi texnologiyalarini sinash va sertifikatlash laboratoriyasi tashkil etilgan. Institutga Xitoyning Henan Suda Electric Vehicle Technology korxonasining texnik ko‘magida 20 dona elektromobil ajratilgan bo‘lib, ular asosida ilmiy tadqiqot tahlillari olib borilmoqda.