Rossiyaning sanksiya ostidagi banklariga O‘zbekiston banklaridan o‘tkaziladigan pullar qaytariladi yoki muzlatiladi. Bu haqda InfinBank matbuot kotibi «Gazeta.uz»ga ma’lum qildi.

Bank vakilining ma’lumotlariga ko‘ra, Buyuk Britaniya tomonidan Rossiyaning quyidagi banklariga nisbatan sanksiyalar qo‘llanilishi munosabati bilan ushbu banklarda ro‘yxatdan o‘tgan hisob raqamlariga o‘tkazilgan har qanday mablag‘lar qaytarilishi yoki muzlatilishi mumkin:

  • «Rossiya» banki,
  • Promsvyazbank,
  • Genbank,
  • Qora dengiz taraqqiyot va tiklanish banki
  • Sanoat jamg‘arma banki

Bank matbuot xizmatining qayd etishicha, ushbu holat bo‘yicha aniq ma’lumotlar yoki aniq ssenariylar yo‘q. Bank o‘z mijozlarini ushbu holat bo‘lishi mumkinligidan ogohlantirishga qaror qilgan.

«Ba’zi OAVlar faqatgina InfinBank mijozlari shunday holat bo‘lishi mumkin deb yozishyapti. Yo‘q. Bu yerda gap O‘zbekistondagi barcha banklar mijozlariga haqida ketyapti», — dedi bank matbuot xizmati vakili «Gazeta.uz»ga.

Ta’kidlanishicha, ushbu holat jismoniy va yuridik shaxslar mablag‘lari bilan ham sodir bo‘lishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, 22 fevral tongida Buyuk Britaniya bosh vaziri Boris Jonson rossiyalik biznesmenlar Gennadiy Timchenko, Boris va Igor Rotenberglar, shuningdek, Rossiyaning beshta banki: Promsvyazbank, «Rossiya» banki, Sanoat jamg‘arma banki, Qora dengiz taraqqiyot va tiklanish banki va Genbanklarga qarshi sanksiyalar joriy etilgani haqida ma’lum qilgandi.