Qobul shahrida O‘zbekiston va Afg‘oniston delegatsiyalarining kengaytirilgan yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston tomoniga O‘zbekiston bosh vazirining o‘rinbosari — investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzakov, Afg‘oniston tomoniga esa Afg‘oniston muvaqqat hukumati rahbarining o‘rinbosari Abdul G‘ani Baradar boshchilik qildi, deb xabar bermoqda ITSV matbuot xizmati.

Ta’kidlanishicha, uchrashuvda tomonlar investitsiyalar, savdo, transport va logistika, energetika, qishloq xo‘jaligi, ta’lim va sog‘liqni saqlash sohalarida o‘zbek-afg‘on hamkorligining kun tartibidagi masalalar yuzasidan fikr almashgan.

Afg‘on tomoni mamlakatda xavfsizlikni ta’minlash, iqtisodiyot va ijtimoiy sohani tiklash hamda korrupsiyaga qarshi kurashish borasida ko‘rilayotgan chora-tadbirlar haqida ma’lumot bergan.

«Termiz — Mozori-Sharif — Qobul — Peshovar» trans-afg‘on temir yo‘lini qurish loyihasini amalga oshirish bo‘yicha hamkorlikni faollashtirishga alohida e’tibor qaratilgan. Tomonlar loyihani hayotga tatbiq etishning amaliy jihatlarini muhokama qilib, mavjud barcha masalalarni birgalikda hal qilishga tayyor ekanliklarini bildirganlar.

Muloqot chog‘ida O‘zbekiston kompaniyalarini infratuzilmani qurish va tiklash, qishloq xo‘jaligini rivojlantirish va tabiiy resurslarni qazib olish bo‘yicha qo‘shma loyihalarda ishtirok etishga jalb qilish imkoniyatlari ham ko‘rib chiqildi. Yaqin kelajakda o‘zbek — afg‘on savdo-iqtisodiy hamkorligini rivojlantirish bo‘yicha tadbirlar rejasini ishlab chiqish va tasdiqlash hamda uni amalga oshirish bo‘yicha birgalikda ish olib borishga kelishilgan.

Ta’kidlanishicha, tomonlar yaqin orada o‘zaro savdo hajmini oshirish va ikki davlat hududlari orqali tranzitni ko‘paytirish mexanizmlarini ishlab chiqishga kelishib olgan.

Uchrashuv chog‘ida ikki mamlakat vazirlik va idoralari rahbarlari alohida yo‘nalishlar kesimida hamkorlikni yanada rivojlantirish bo‘yicha takliflarni ilgari surgan va yuzaga kelayotgan masalalarni hal qilishni tezlashtirish maqsadida ikki tomonlama aloqalarni faollashtirishga tayyor ekanliklarini bildirganlar.

Shuningdek, Sardor Umurzakov Qobul shahrida Afg‘oniston muvaqqat hukumati rahbari o‘rinbosari Abdul Salom Hanafiy bilan uchrashgan.


Uchrashuv davomida o‘zaro savdo hajmini oshirish, savdo va transport to‘siqlarini bartaraf etish bo‘yicha vazifalar ko‘rib chiqilgan.

O‘zbekiston tomoni Afg‘oniston tomoniga o‘z hududida logistika markazi, ishlab chiqarish va saqlash obyektlari, mahsulotlarni sotish punktlari va zarur infratuzilmani birlashtirgan «Termiz» xalqaro savdo markazining imkoniyatlaridan foydalanish taklif qilgan.

Afg‘on tomoni o‘z navbatida, O‘zbekistonning Afg‘onistonda mintaqa davlatlarining transport va tranzit salohiyatini oshirishga qaratilgan qo‘shma infratuzilmaviy loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini bildirgan.

Xususan, Afg‘oniston hududi orqali o‘tib ketayotgan transport vositalari va yuklarning harakatlanishi uchun o‘zaro maqbul sharoitlarni ishlab chiqish, muqobil transport yo‘nalishlarini joriy etish hisobiga mamlakatning tranzit imkoniyatlarini oshirish bo‘yicha birgalikda ish olib borishga kelishib olingan.

Uchrashuv yakunida Afg‘oniston va Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida aloqalarni o‘rnatish va mustahkamlashga qaratilgan faol hamkorlikni davom ettirishga o‘zaro tayyorlik bildirilgan.