Markaziy Osiyo davlatlari va Yevropa Ittifoqi Afg‘oniston muvaqqat hukumatini tan olish to‘g‘risida birgalikda qaror qabul qiladi, biroq hozircha bunday qaror yo‘q. Bu haqda O‘zbekiston prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Ismatulla Irgashev 23 fevral kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan Afg‘oniston bo‘yicha Markaziy Osiyo davlatlari va Yevropa Ittifoqi maxsus vakillarining uchrashuvi yakunlari bo‘yicha jurnalistlarga ma’lum qildi.

«Biz afg‘on muammosiga yaxlit yondashuvni ishlab chiqishda davom etishga kelishib oldik. [Afg‘on rasmiylarini] tan olish yoki tan olmaslik masalasi har bir taraf tomonidan alohida ko‘rib chiqilmaydi», — dedi Ismatulla Irgashev.

Maxsus vakilning ta’kidlashicha, Afg‘onistonning yangi hukumatini tan olish to‘g‘risidagi qaror «Kobulda xalqaro hamjamiyat talablari eshitilgani va Afg‘oniston muvaqqat hukumati o‘z va’dalariga sodiq qolganini ko‘rganimizdan» keyin qabul qilinishi mumkin.

«Bunday qaror hozircha yo‘q, biz Afg‘oniston hukumatining yondashuvlarida ijobiy o‘zgarishlar bo‘lishini kutamiz va ularning bo‘lishiga umid qilamiz», — dedi Ismatulla Irgashev.

Yig‘ilishda ishtirok etgan Yevropa Ittifoqining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Tomas Niklasson Afg‘oniston muvaqqat hukumatini tan olish masalasi hali kun tartibida emasligini ta’kidladi.

«Shubhasiz, biz Kobuldagi amalda bo‘lgan hokimiyatni tan olmaymiz, lekin ular bilan hamkorlik qilishga barchamiz rozimiz, biz barchamiz inson huquqlari hurmat qilinishini istaymiz va bu jarayon inklyuziv hukumatga olib keladi», — dedi Tomas Niklasson.

Yevropa Ittifoqining maxsus vakili bu pozitsiya Markaziy Osiyo davlatlarining pozitsiyasi bilan chambarchas bog‘liqligini ta’kidladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Markaziy Osiyo davlatlari va Yevropa Ittifoqining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakillari konferensiyasi yakuniy bayonoti qabul qilingani, unda Afg‘onistonda inklyuziv siyosiy jarayonni qo‘llab-quvvatlash uchun mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash muhim ahamiyatga egaligi ta’kidlangani haqida xabar qilgan edik.