Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Tokayev Xavfsizlik kengashining Ukraina atrofidagi vaziyat munosabati bilan mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan tezkor yig‘ilishini o‘tkazdi, deb xabar berdi Akorda matbuot xizmati.

Yig‘ilishda Qasim-Jomart Tokayev «harbiy-siyosiy va sanksiya qarama-qarshiligi natijasida xalqaro vaziyatning muqarrar yomonlashishining salbiy oqibatlari»ga tezkorlik bilan ta’sir choralarini ko‘rish uchun inqirozga qarshi choralar rejasini zudlik bilan qabul qilish zarurligini ta’kidladi.

Prezident shuningdek, bosh vazir Alixon Smailov, Milliy bank raisi Galimjon Pirmatov, bosh vazir o‘rinbosari — tashqi ishlar vaziri Muxtar Tleuberdi, mudofaa vaziri Ruslan Jaksilikov va boshqa idoralar rahbarlarining hisobotlarini tingladi.

Davlat rahbari Qozog‘iston uchun yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan iqtisodiy va boshqa xavflarni minimallashtirish bo‘yicha topshiriqlar berdi.