O‘zbekistonning Nur-Sultondagi elchixonasi yanvar oyida Qozog‘istonda ro‘y bergan tartibsizliklardan keyin O‘zbekiston fuqarolari hibsga olingani munosabati bilan Qozog‘iston Tashqi ishlar vazirligiga nota yubordi. Bu haqda O‘zbekiston TIV rasmiy vakili Yusup Qobuljonov ma’lum qildi.

Ushbu notada Qozog‘iston TIVdan hibsga olingan O‘zbekiston fuqarolari, ular saqlanayotgan joylar, javobgarlikka tortilish sabablari to‘g‘risida to‘liq ma’lumot berish so‘ralgan. Shuningdek, O‘zbekistonning Qozog‘istondagi diplomatik vakolatxonalari xodimlari uchun hibsdagilar bilan konsullik uchrashuvini tashkil etish so‘rovi yuborilgan.

«O‘zbekiston Respublikasining Nur-Sulton shahridagi elchixonasi, shuningdek, Olmaota va Aqtau shaharlaridagi bosh konsulxonalari Qozog‘iston huquq-tartibot idoralarining joylardagi vakillari bilan doimiy aloqada bo‘lib turibdi», — deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qozog‘iston ombudsmani Elvira Azimova tartibsizliklardan keyin 18 nafar xorijlik, jumladan, 14 nafar O‘zbekiston fuqarosi hibsda qolayotganini ma’lum qilgan edi.