O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 21 fevral kuni «Yer uchastkalaridan foydalanishda davlat nazorati samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorni (PQ-138) imzoladi. Bu haqda «Huquqiy axborot» Telegram-kanalida xabar qilindi.

Qarorga muvofiq, quyidagilar tashkil etildi:

  • Bosh prokuratura tarkibida Yer resurslari talon-toroj qilinishining oldini olish boshqarmasi;
  • Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar prokuraturalarida Yer resurslari talon-toroj qilinishining oldini olish bo‘limlari;
  • Ichki ishlar vazirligi Tezkor-qidiruv departamentida Yer resurslari talon-toroj qilinishiga qarshi kurashish bo‘limi;
  • hududiy tezkor-qidiruv xizmatlarida esa Yer resurslari talon-toroj qilinishiga qarshi kurashish bo‘linmalari.

2022 yil 1 martdan:

  • aholi va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari tomonidan yer uchastkalarini o‘zboshimchalik bilan egallash va ulardan noqonuniy foydalanishholatlari bo‘yicha Bosh prokuratura (1007 qisqa raqami) va Kadastr agentligiga (1097 qisqa raqami) yuborilgan fotosurat va videoyozuvlar belgilangan tartibda ko‘rib chiqiladi;
  • fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari hamda mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha tuman (shahar) hokimi yordamchilariga o‘z hududida qurilishi boshlangan har qanday bino yoki inshootlarning qonuniyligini aniqlash bo‘yicha mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlariga, qurilish va kadastr organlariga so‘rov yuborish huquqi beriladi.

Bunda so‘rovlar 5 ish kunida majburiy tartibda ko‘rib chiqilib, qurilishi boshlangan bino va inshootlarga ruxsat beruvchi hujjatlar mavjud yoki mavjud emasligi to‘g‘risida ma’lumot taqdim etiladi.

Qarorga ko‘ra, «Ye-YER NAZORAT» tizimida yer uchastkalari bilan bog‘liq sodir etilgan jinoyatlar bo‘yicha ma’lumotlar xaritasi alohida yuritiladi.

2022 yil yakunigacha sinov tariqasida Mirzo Ulug‘bek va Yunusobod (Toshkent shahri) hamda Qibray va Toshkent tumanlari (Toshkent viloyati)da o‘zboshimchalik bilan egallangan yer uchastkalarini hamda noqonuniy bino va inshootlarni kosmik suratlarni qayta ishlash orqali aniqlash choralari ko‘riladi.

Shuningdek, mahalliy vakillik va ijroiya hokimiyati organlarining yer uchastkalari berish haqidagi qarorlari quyidagi grafik asosida xatlovdan o‘tkaziladi:

  • 2022 yil 1 maygacha — 2016−2021 yillarda qabul qilingan qarorlar;
  • 2022 yil 1 avgustgacha — 2006−2015 yillarda qabul qilingan qarorlar;
  • 2023 yil 1 yanvargacha — 2006 yilgacha qabul qilingan qarorlar.

Qarorga ko‘ra:

  • Qishloq xo‘jaligi vazirligi ekin yerlaridan oqilona va samarali foydalanilishi, rejadagi ekinlarning ekilishi va parvarishlanishi ahvoli bo‘yicha har chorakda kamida bir marotaba monitoring o‘tkazadi;
  • Kadastr agentligi barcha turdagi yer uchastkalari hamda bino-inshootlarga bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazmaslik holatlarini aniqlash, yer uchastkalarining o‘zboshimchalik bilan egallab olinishiga va chegaralarini o‘zboshimchalik bilan o‘zgartirishga yo‘l qo‘ymaslik choralarini ko‘radi.