22 fevral kuni ertalabdan Rossiyaning Red Wings aviakompaniyasi qatnovida «Qarshi-Moskva» («Domodedovo» aeroporti) yo‘nalishi bo‘yicha parvozni amalga oshirish niyatida «Qarshi» xalqaro aeroportiga yo‘lovchilar kela boshlagan. Mahalliy vaqt bilan soat 08:00 da aeroportda 150 kishi to‘plangan, deya xabar berdi Uzbekistan Airports matbuot xizmati.

Easy Booking va Atlas Avia Tour onlayn xizmatlarida xarid qilingan chiptalarda jo‘nash manzili Qarshi, jo‘nash vaqti esa soat 8:00 etib ko‘rsatilgan. Biroq, aeroport jadvalida bunday reys mavjud bo‘lmagan. WZ-4492 reysi Navoiydan soat 15:00 da parvoz qilishi kerak edi.

Qarshi aeroportining tushuntirishicha, ayrim aviakassalar shu tariqa bir shahardagi yo‘lovchilar taqchilligini boshqa shaharda chipta sotish orqali qoplaydi, yo‘lovchilarga jo‘nash shahri haqida ataylab noto‘g‘ri ma’lumot beradi.

Bunda mas’ullar transferni tashkil qilishlari shart. Mazkur holatda esa, Qarshi shahridan Navoiyga transfer tashkil etilmagan. Yo‘lovchilar o‘z hisoblaridan, xususiy taksilar orqali qo‘shni shaharga yetib borishga majbur bo‘lgan.

Uzbekistan Airports matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, samolyot rejalashtirilganidek soat 15:00 da uchib ketgan.