22 fevral kuni Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasida Global yashil o‘sish institutining (GGGI) O‘zbekistondagi vakolatxonasining rasmiy ochilishiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati «Gazeta.uz»ga xabar berdi.

Ta’kidlanishicha, GGGI`ning O‘zbekistondagi vakolatxonasi MDH, shu jumladan Markaziy Osiyo mamlakatlari orasida birinchi ofis hisoblanadi.

GGGI xalqaro hukumatlararo tashkilot bo‘lib, bosh ofisi Seul shahrida (Janubiy Koreya) joylashgan. Mazkur tashkilot 2012 yil 20 iyun kuni Rio-de-Janeyroda (Braziliya) BMTning Barqaror rivojlanish bo‘yicha konferensiyasi doirasida ta’sis etilgan.

Tashkilotning maqsadi — iqlim o‘zgarishi sharoitlarida taraqqiy etgan hamda bozor iqtisodiyotini tanlagan mamlakatlarda yashil iqtisodiyotni rivojlantirish yo‘li orqali barqaror iqtisodiy o‘sishga ko‘maklashish hisoblanadi.

Hozirgi kunda institut dunyoning 30 dan ortiq mamlakatlarida 54 ta loyihani amalga oshirib kelmoqda. Institut prezidenti va Kengash raisi BMTning sobiq Bosh kotibi Pan Gi Mun hisoblanadi. Tadbir uning ishtirokchilarga videomurojaati bilan boshlandi.


Tadbirda Global yashil o‘sish instituti bosh direktori o‘rinbosari Xelena Makloid, institutning Osiyo bo‘yicha mintaqaviy direktori Achala Abeysingx, shuningdek, BMT Taraqqiyot dasturi, YeXHT va boshqa xalqaro tashkilotlar va diplomatik korpus vakillari ishtirok etgan.

2022 yilda Davlat ekologiya qo‘mitasi hamda Global yashil o‘sish instituti Orol dengizi tanazzuli salbiy oqibatlarini bartaraf etish maqsadida Orolbo‘yi mintaqasining yashil tiklanishini moliyalashtirishga yo‘naltirilgan hamkorlikdagi loyihani amalga oshirishni boshladi. Loyihaning umumiy qiymati 5,65 mln AQSh dollariga teng.

Mazkur loyiha Xalqaro hamkorlik bo‘yicha Koreya agentligi (KOICA) tomonidan moliyalashtiriladi. Loyihaning maqsadi — Orol dengizi tanazzuli oqibatlarini bartaraf etish uchun Qoraqalpog‘iston Respublikasining yashil reabilitatsiyasiga ko‘maklashish, shuningdek, barqaror hayotiy ta’minot hamda tabiiy xavflarga barqarorlikni ta’minlash bo‘yicha chora-tadbirlarni belgilashdir.

Tadbir davomida Global yashil o‘sish instituti hamda Barqaror rivojlanish bo‘yicha Davlatlararo komissiyasi o‘rtasida Orol dengizi xavzasi uchun muhim hisoblangan yashil o‘sish va iqlim o‘zgarishi sohasida hamkorlik bo‘yicha o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi.