O‘zbekistonning tashqi savdo aylanmasi yanvar oyida 3,49 mlrd dollarni tashkil etdi, bu 2021 yilning yanvar oyiga nisbatan 1,5 barobar ko‘proq, deya xabar berdi Davlat statistika qo‘mitasi.

Yanvarda eksport hajmi 1,399 mlrd dollarni tashkil etib, 2021 yilning mos davriga nisbatan 2 barobar ko‘p. Import hajmi esa 28 foizga oshib, 2,09 mlrd dollar miqdorida qayd etildi.

Yilning ilk oyida O‘zbekiston 586,6 mln dollarlik oltin eksporti amalga oshirgan. Ma’lumot uchun 2021 yilning yanvar oyida oltin eksport qilinmagan. Qimmatbaho metallar eksport hajmining qariyb 42 foizini ta’minladi.

Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, oltin zaxirasining miqdori o‘zgarmagan, biroq uning qiymati pasaygan. Oltin zaxirasi 20,77 mlrd dollarga baholangan bo‘lsa, yil boshida bu ko‘rsatkich 20,95 mlrd dollarni tashkil etdi. Narx jihatidan zaxiralar 175,1 mln dollarga pasaydi. 1 feral holatiga ko‘ra, O‘zbekiston oltin zaxirasining miqdori — 11,6 troy unsiya yoki 360,8 tonnaga teng.

Qimmatbaho metallardan tashqari, O‘zbekiston xomashyo eksporti ikki baravarga oshdi va 44,8 mln dollarni (2020 yilda 22,3 mln dollar) tashkil etdi. Jumladan, metall rudasi va parchalarini sotish 83 barobarga, mineral xomashyosi — 5,1 barobarga oshdi.

Ichimliklar va tamaki mahsulotlari savdosi 2,8 mln dollargacha o‘sdi. Bu yerda tamaki mahsulotlari asosiy o‘sish omili bo‘ldi — eksport 11,8 barobar oshdi.

Sanoat mahsulotlari, jumladan, to‘qimachilik mahsulotlari (+31,5%), rangli metallar (+21,6%) va metall buyumlar (+12,4%), shuningdek, kiyim-kechak (+20,6%) va har xil tayyor buyumlarlar (+2,3 barobar) eksportida sezilarli o‘sishi kuzatildi.

Biroq mashinasozlik mahsulotlari eksporti 8,8 foizga qisqardi va 30,6 mln dollarni tashkil etdi.

Import tarkibida an’anaviy ravishda avtomobillar (718 mln dollar, +34%), ishlab chiqarilgan mahsulotlar (407 mln dollar, +50%) va kimyo mahsulotlari (303 mln dollar, +46%) yetakchilik qilmoqda. Xususan, yanvar oyida avtomobillar importi 65,7 mln dollarni tashkil etib, 2021 yilning shu davriga nisbatan 11 barobar ko‘p.

Respublika tashqi savdo aylanmasi tarkibida eng yuqori ulushni Toshkent shahri 33,7% yoki 1179,8 mln dollarni, eng quyi ulushni esa Surxondaryo viloyati 1,0% ulush bilan 34,7 mln dollarni tashkil etdi.

Eslatib o‘tamiz, 2021 yilda O‘zbekiston tashqi savdo aylanmasi 2020 yilga nisbatan 16 foizga o‘sib, $42,1 mlrdni tashkil etgandi.