Andijon shahar prokuraturasi tomonidan olib borilayotgan jinoyat ishi doirasida deputat va shahar hokimi Bahrom Haydarovni tergovga jalb qilish maqsadida Andijon viloyati prokuraturasiga taqdimnoma kiritildi.

Dastlabki tergov harakatlari davomida Bahrom Haydarov hokimiyat huzuridagi Yer maydonlarini ajratish bo‘yicha doimiy ishlovchi maxsus komissiya a’zolari bilan guruhda Yer kodeksining 17, 23, 62 moddalari, qolaversa, prezident va Vazirlar Mahkamasining qaror hamda farmoyishlariga zid ravishda jismoniy va yuridik shaxslarga auksion orqali o‘zining vakolatidan qasddan foydalanib, yer maydonlarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri ajratilishi haqida mutasaddi mansabdorlarga ko‘rsatma bergani aniqlangan.

Bundan tashqari, hokim aslida bekor qilingan hujjatlarni asos qilib ko‘rsatgan holda, komissiya dalolatnomalari va yer ajratish to‘g‘risidagi qarorlariga sohta ma’lumotlar va yozuvlar kiritib, 2019−2020 yillarda yer maydonlarini ajratish to‘g‘risidagi qaror va farmoyishlarni qabul qilgan.

Taqdimnomaga muvofiq, Bahrom Haydarov jami 8 ta holatda 19 618 kvadrat metr yerni noqonuniy ajratish orqali jami 1 mlrd 779 mln so‘m minimal auksion bahosi qiymatidagi pul mablag‘larini davlat budjetiga undirilmay qolishiga sababchi bo‘lgan va davlat manfaatlariga zarar yetkazgan.


Shahar hokimining harakatlarida JKning 205-moddasi 2-qismi «a» bandi, 209-moddasi 2-qismi «a» bandi va 229-moddasi 2-qismi «a» bandida nazarda tutilgan jinoyatlar tarkibi mavjudligi qayd etilgan. Shundan kelib chiqib, unga nisbatan ehtiyot choralarini qo‘llab lozimgini ko‘rsatilgan.

Bosh prokuratura matbuot xizmati rahbari Hayot Shamsutdinovning «Gazeta.uz»ga xabar berishicha, mazkur xat asosida 3 fevral kuni Andijon viloyati prokuraturasi tomonidan Xalq deputatlari Andijon viloyati kengashiga taqdimnoma kiritilgan.

«Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar kengashi deputatining maqomi to‘g‘risida»gi qonunning 12-moddasiga ko‘ra, deputatni daxlsizlik huquqidan mahrum qilish to‘g‘risidagi masala tegishincha viloyat, tuman, shahar prokurorining yoki yuqori turuvchi prokurorning taqdimnomasiga binoan xalq deputatlari Kengashi tomonidan o‘n kun ichida hal etiladi.

Biroq, oradan 19 kun o‘tgan bo‘lsa-da, Xalq deputatlari Andijon viloyat kengashi prokuror taqdimnomasini ko‘rib chiqmagan.

Qolaversa, qonunda xalq deputatlari Kengashining deputatni daxlsizlik huquqidan mahrum qilishga rozilik berish masalasiga doir qarori darhol tegishli prokurorga yuborilishi ham belgilangan.