Toshkent viloyatining Bekobod tumanida 64 tup daraxt noqonuniy kesib ketilgani aniqlandi, deb xabar berdi Davlat ekologiya qo‘mitasi.

Holat Toshkent viloyati Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi, Toshkent viloyati Milliy Gvardiya boshqarmasi va Ekopolitsiya inspektorlari tomonidan reyd tadbirlari o‘tkazildi.

Aniqlanishicha, Bekobod tumanining «Saryuz» MFY hududida fuqaro O.X. va bir guruh fuqarolar tomonidan 64 tup qarag‘ay daraxti noqonuniy ravishda tag qismi bilan kesib olib ketilgan.

Foto: Davlat ekologiya qo‘mitasi.

Holat yuzasidan fuqaroga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, MJtKning 79-moddasi 1-qismi (daraxtlarni qonunga xilof ravishda kesish) bilan BHMning 5 barobari — 1 mln 350 ming so‘m jarima belgilandi. Qolaversa, 1 mlrd 575 mln so‘m o‘simlik dunyosiga yetkazilgan zarar hisoblangan.

Barcha tegishli hujjatlar jamlanib, ish huquqni muhofaza qilish organlariga yuborildi.

Daraxtlarni kesishga urinishlar ularni kesishga doir moratoriy etilgan davrda sodir etilmoqda. Prezidentning 30 dekabrdagi farmoni bilan moratoriy muddatsiz davrga uzaytirildi. O‘zbekistonda 1 martdan esa «Yashil yillik» umummilliy tadbiri boshlanadi.