O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 18 fevral kuni Yangihayot tumaniga tashrifi chog‘ida ushbu tumanda qurilishi rejalashtirilgan «Yangihayot» industrial texnoparki maydonida bo‘ldi. Prezident chiqishining bir qismi «O‘zbekiston 24» telekanalida «Menimcha» ko‘rsatuvida namoyish etildi.

«Yangihayot» industrial texnoparkini tashkil etish prezidentning 2021 yil 4 fevraldagi qarorida ko‘zda tutilgan.

Davlat rahbari matbuot xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu majmua uchun 210 gektar maydon ajratilgan. Shundan 150 gektari ikki bosqichda auksion savdolariga chiqariladi. Tadbirkorlar sotib olingan yerning mulkdori bo‘ladi va korxonalarni o‘zlari quradi. Qolgan 60 ga yer qanday usulda taqsimlanishiga aniqlik kiritilmagan.

Prezident Toshkent hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev va investitsiyalar va tashqi savdo vazirining birinchi o‘rinbosari Aziz Voitovdan yerlarni ajratishda tanish-bilishchilik bo‘lmaydimi, deb so‘radi. «Tadbirkorlar hammasi tanish-bilish bo‘lib ketibdi bu yerda (demaydimi), Voitovning o‘zi (yerlarni) beribdi, degan gap chiqib ketmaydimi?», — dedi Shavkat Mirziyoyev.


Hokim va vazirning birinchi o‘rinbosari bir ovozda texnoparkdagi yer maydonlari «faqat auksion orqali ajratiladi», deb javob qaytarishdi.

Shavkat Mirziyoyev ayrim tadbirkorlar yerlar taqsimlanib bo‘lingan, degan xayolga borsa, ushbu loyihaga qiziqish yo‘qolishini ta’kidladi. Rahbarlar bunday holatga yo‘l qo‘yilmasligini bildirishdi.

Davlat rahbari poytaxtda yer kamayib borayotgani, kelajakda bu singari maydonlar qolmasligini aytdi. Prezident yer resursidan samarali foydalanish kerakligini, qo‘shqavatli korxonalar qurish vaqti allaqachon kelganini eslatdi.

«Toshkent ham Andijonga o‘xshab boryapti. Yer kamayyapti. Endi uskunalarni 2−3 qavatga chiqarish kerak. Chiqarmasak, ertaga yer topa olmaymiz, kelgusi yil ham rivojlanishimiz kerak. Kelgusi yilda qayerga borib Yangihayotdan yer topib beraman?», — dedi prezident.

«Mana Yaponiyaga bordik, 40-qavatda stanoklar turibdi, Xitoyda 51-qavatda shunday stanok bizni yonimizda ishlab turgandi. Bizda bir paqir suvni tepaga olib chiqolmaymiz», — dedi prezident.


Texnoparkda quriladigan korxonalarda 20 ming kishini ish bilan ta’minlash rejalashtirilmoqda. Birinchi bosqichda 110 gektar maydonda 42 ta uchastkada loyihalarni joylashtirish orqali 500 million dollarlik investitsiya jalb etish va ishlab chiqarish hajmini 200 million dollarga yetkazish rejalashtirilgan. Ikkinchi bosqichda 400 million dollarlik investitsiyalarni jalb qilish uchun 100 gektar yer maydonidan 10 ta lot ajratiladi.