Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik Kengashining navbatdan tashqari yig‘ilishida fond direktori lavozimiga Davletova Nozimaning nomzodi tasdiqlandi.

«Nozima Davletova jamoatchilik bilan aloqalar bo‘yicha mutaxassis. U „Xalqaro muzokaralar“ sohasida universitetda dars berish tajribasiga ega, gender masalalari bo‘yicha loyihalar tashabbuskori va koordinatori bo‘lib ishlagan», — deyiladi xabarda.

Nozima 2011 yilda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetinining (JIDU) Xalqaro munosabatlar fakultetini tamomlagan. 2011−2013 yillarda Sukuba universitetida Xalqaro munosabatlar mutaxassisligi buyicha magistraturada ta’lim olgan. 2015 yildan JIDU «Xalqaro munosabatlar» kafedrasi o‘qituvchisi lavozimida ishlagan.

U mazkur lavozimda 2021 yilning fevralidan fondga rahbarlik qila boshlagan Akbar Rizayevning o‘rnini egalladi. Unga qadar esa 2020 yilning iyulidan Aleksandra Kolesnichenko fond direktori lavozimida ishlagan.

Fond tashkil etilganidan beri mazkur lavozimda bloger, huquqshunos Xushnudbek Xudoyberdiyev faoliyat yuritgan. U bu vazifani O‘zbekiston milliy axborot agentligi bosh direktorining o‘rinbosari etib tayinlanguniga qadar bajarib kelgan.