Sudyalar oliy kengashi qarori bilan 4 nafar sudya o‘z arizasiga ko‘ra ishdan bo‘shatildi. Bu haqda kengash matbuot xizmati xabar bermoqda.

Unga ko‘ra, Toshkent viloyati jinoyat ishlari bo‘yicha Zangiota tuman sudining raisi O‘ktam Xoliqov, Toshkent viloyat sudining fuqarolik ishlari bo‘yicha sudyasi Xilola Begaliyeva, Andijon viloyati jinoyat ishlari bo‘yicha Qo‘rg‘ontepa tuman sudining raisi Isoqboy Ergashev, Buxoro viloyati Buxoro tumanlararo ma’muriy sudining sudyasi Ma’ruf Saidov o‘z arizalariga ko‘ra, lavozimlaridan ozod etilgan. Ularning vakolatlari muddatidan ilgari tugatilgani ma’lum qilindi.

Bundan tashqari, mas’uliyatsizligi va faoliyatida yo‘l qo‘ygan kamchiliklari uchun ham 10 nafar sudyaga intizomiy chora ko‘rilgan.

Xususan, Surxondaryoda 3 nafar:

  • fuqarolik ishlari bo‘yicha sudya Z. Mavlonov;
  • fuqarolik ishlari bo‘yicha Termiz tumanlararo sudining raisi J. Nafasov;
  • fuqarolik ishlari bo‘yicha Sherobod tumanlararo sudining raisi Z. Xo‘jamurotovlar.

Samarqand viloyati fuqarolik ishlari bo‘yicha Urgut tumanlararo sudining raisi T. Rustamov;

Toshkent viloyati fuqarolik ishlari bo‘yicha Ohangaron tumanlararo sudining raisi O. Barakayev;

Jizzax viloyatida ham 3 nafar:

  • fuqarolik ishlari bo‘yicha Paxtakor tuman sudining raisi T. Hakimov;
  • fuqarolik ishlari bo‘yicha Do‘stlik tumanlararo sudining raisi B. Kazakov;
  • fuqarolik ishlari bo‘yicha Do‘stlik tumanlararo sudining sudyasi F. Ibodullayev;

Navoiy viloyati fuqarolik ishlari bo‘yicha Karmana tumanlararo sudining sudyasi B. Kutliyev;

Andijon viloyati fuqarolik ishlari bo‘yicha Andijon tumanlararo sudining sudyasi M. Komilova intizomiy jazoga tortildi.