Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonning oltin-valyuta zaxiralari 2022 yil 1 fevral holatida 34,425 mlrd dollarni tashkil etdi. Yanvar oyiga nisbatan bu ko‘rsatkich 713,9 mln dollarga kamaygan.

Yalpi zaxiralarning kamayishida xorijiy valyutadagi zaxira aktivlar asosiy rolni o‘ynadi. Oy davomida valyuta zaxirasining hajmi 532,6 mln dollarga kamayib, 12,54 mlrd dollarni tashkil qildi.

Oltin zaxirasining miqdori o‘zgarmagan, biroq uning qiymati pasaygan. Oltin zahirasi 20,77 mlrd dollarga baholangan bo‘lsa, yil boshida bu ko‘rsatkich 20,95 mlrd dollarni tashkil etdi. Narx jihatidan zaxiralar 175,1 mln dollarga pasaydi. 1 feral holatiga ko‘ra, O‘zbekiston oltin zaxirasining miqdori — 11,6 troy unsiya yoki 360,8 tonnaga teng.

O‘zbekistonning 2021 yildagi yillik importi 25,461 mlrd dollarni tashkil etgan. Mamlakatning oltin-valyuta zaxiralari esa importning yillik ko‘rsatkichidan ancha ko‘proq. Xalqaro tashkilotlarning rivojlanayotgan davlatlar uchun tavsiyalariga ko‘ra, zaxiralar kamida 3 oylik importni qoplashi kerak.

Zaxiralar mamlakat uchun «xavfsizlik yostig‘i» hisoblanadi. Ular salbiy tashqi zarbalarga qarshi ishlatilishi uchun zarur va zaxiralarning yetarliligi bevosita ushbu zarbalarning tabiatiga ham bog‘liq.

Eslatib o‘tamiz, Butunjahon Oltin Kengashi O‘zbekiston 2021 yilning noyabr oyida 21,5 tonna oltin sotib, dekabr oyida 8,4 tonna oltin sotib olganini ma’lum qilgan edi.