To‘rt nafar o‘zbekistonlikning Shveysariya bankidagi hisob raqamlari ochiqlandi

Jurnalistlar Shveysariyaning Credit Suisse bankidagi hisob raqamlari bo‘yicha sizdirilgan ma’lumotlarni o‘rgandi. Bank xizmat ko‘rsatgan mijozlar orasida O‘zbekiston bosh vazirining birinchi o‘rinbosari Ochilboy Ramatovning rafiqasi, Tennis federatsiyasining sobiq rahbari Igor Shepelev, Timur Tillayevning qarindoshi va Alisher Usmonovning singlisi bor.

«O‘zavtosanoat» rahbari avtomobil sotib olishdagi navbatlarni sotish sxemasini oshkor qildi

Uzauto Motors avtomobillarini xarid qilishdagi navbatlar buzilishi dilerlar bergan hisobvaraq-fakturalarni rasmiylashtirishda sodir bo‘lmoqda, deya ma’lum qildi «O‘zavtosanoat» rahbari Shavkat Umurzoqov. Uning so‘zlariga ko‘ra, kompaniya mashina olishdagi navbatlarni aylanib o‘tish holatlariga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida savdo ma’lumotlar bazasini YHXBB ma’lumotlar bazasi bilan integratsiyalashni rejalashtirmoqda. Hozirda mashina sotib olish uchun navbat 52 mingtagacha kamaygan. Shuningdek, u ishlab chiqarish hajmi yetishmasligini mahalliylashtirish darajasining pastligi bilan izohladi.

Yengil avtomobil chiqarish pandemiyadan oldingi davrdan ortda qolmoqda

Yanvar oyida O‘zbekistonda 14 mingdan ortiq yengil avtomobil ishlab chiqarildi. Bu ko‘rsatkich 2021 yilning shu davriga nisbatan qariyb 2 baravarga ko‘proq. Lekin 2021 yilning yanvarida avtomobil zavodida ishlab chiqarish to‘xtatilgan. Shuningdek, yil boshida qiymati 3,1 mln dollarga teng bo‘lgan 122 ta elektromobil import qilindi.

O‘zbekistonning oltin-valyuta zaxirasi 713,9 mln dollarga kamaydi

Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, 1 feral holatida mamlakatning oltin-valyuta zaxirasi 34,425 mlrd dollarni tashkil etib, yanvarga nisbatan 713,9 mln dollarga kamaydi. Bunda asosiy rolni xorijiy valyutadagi zaxiralarning 532,6 mln dollarga kamayishi o‘ynagan. Oltin zaxiralari miqdori o‘zgarmagan bo‘lsada, uning qiymati bu oyda 175,1 mln dollarga kamaydi.

UzAutoMotors 2021 yil uchun 5,3 trln so‘m utilizatsiya yig‘imi to‘lashi kerak — iqtisodchi Otabek Bakirov

2020 yil 1 avgustdan boshlab O‘zbekistonda ishlab chiqariladigan va import qilinadigan avtotransport vositalariga utilizatsiya yig‘imi joriy etilgan. Biroq ushbu yig‘im bo‘yicha undirilgan to‘lovlar bo‘yicha so‘nggi 1,5 yil davomida ma’lumotlar berilmagan. Iqtisodchi Otabek Bakirovning yozishicha, UzAuto Motors ushbu yig‘im bo‘yicha 2020 yil avgust-dekabr oylari uchun qariyb 2,5 trln so‘m, 2021 yil uchun esa kamida 5,3 trln so‘m to‘lashi kerak.

IIV rahbari o‘rinbosari qoidabuzar haydovchilarga ball berish tizimi nega 3 yil ilgari joriy qilinmaganiga izoh berdi

12 oy davomida haydovchining qoidabuzarligi uchun hisoblangan jarima ballari 12 balldan oshsa, uni haydovchilik huquqidan bir yilga mahrum etish rejalashtirilmoqda. Shundan so‘ng, haydovchi qayta imtihon topshirib, guvohnomani olishi mumkin bo‘ladi. Aslida, mazkur tartib 2018 yildayoq ishlab chiqilgan, biroq joriy etilmagandi. IIV rahbari o‘rinbosari Bekmurod Abdullayev «U paytda biz hali bunga tayyor bo‘lmagandirmiz, vaqti endi kelgandir», deb izoh berdi.

Ichki ishlar xodimlarini videoga olib, uning ruxsatisiz ijtimoiy tarmoqlarga joylash taqiqlanishi mumkin

Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Bekmurod Abdullayev xizmat vazifasini bajarayotgan xodimlarni videoga olgandan so‘ng, uning ruxsatisiz ijtimoiy tarmoqlarga joylaganlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilanishini ma’lum qildi. IIV rahbari matbuot kotibi Shoxruh G‘iyosov bu borada hujjat hali ishlab chiqilmaganini aytdi. Uning qo‘shimcha qilishicha, «to‘liq taqiq bo‘lmasa-da, qandaydir chegaralar qo‘yiladi». Bunga deputat Rasul Kusherbayev e’tiroz bildirdi.

O‘zbekiston maktablarida maxsus avtobuslar harakati yo‘lga qo‘yiladi

IIV rahbarining ma’lum qilishicha, O‘zbekistonda o‘tgan yili YTHlar oqibatida 263 nafar bolalar vafot etgan. Bolalar ishtirokidagi YTHlarining oldini olish maqsadida, kelajakda maktablarda maxsus avtobus harakatini yo‘lga qo‘yish, shuningdek, «Yo‘l harakati xavfsizligi» bo‘yicha alohida fan kiritish taklif qilinmoqda.

Toshkentda avariya oqibatida Matiz va Spark ag‘darilib ketdi

Toshkentning Sebzor ko‘chasidagi ko‘prik ustida uch avtomobil to‘qnashishi natijasida Matiz va Spark mashinalari ag‘darilib ketdi. Spark`ning ikki nafar yo‘lovchisi tan jarohatlari bilan shifoxonaga olib ketilgan.

Bosh prokuratura O‘zMU mansabdor shaxslariga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atdi

Bosh prokuratura O‘zbekiston Milliy universiteti kutubxonasidan tarixiy-badiiy ahamiyatga ega 56 ta qo‘lyozma va toshbosma asarlar talon-toroj qilinganini aniqladi. Mansabdor shaxslarga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atildi.

Rossiyadan O‘zbekistonga olib kelinayotgan 7 ta sisterna benzin o‘g‘rilab ketildi

Rossiyaning Orsk shahri neftni qayta ishlash zavodidan Toshkentga yuborilgan 7 ta sisternadagi AI-95 markali benzin o‘g‘rilab ketildi. Gumondorlar vagonlar lyukidagi tamg‘ani buzib, neft tashishga mo‘ljallangan transport vositalariga ortib ketishgani aytilmoqda. Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Nozima Davletova Milliy mass-media fondiga rahbar bo‘ldi

Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondiga Nozima Davletova direktor etib tayinlandi. U mazkur lavozimda 2021 yilning fevralidan fondga rahbarlik qila boshlagan Akbar Rizayevning o‘rnini egalladi.

2021 yilda iste’molchilar huquqlarini buzgan 466 nafar bank xodimi jarimaga tortilgan

Markaziy bank 2021 yilda iste’molchilarning huquqlarini buzgan 16 ta tijorat banki va 8 ta mikrokredit tashkilotidan jami 1 mlrd 177 mln so‘m miqdorida jarimalar undirdi. Shundan 829 mln so‘mi qoidabuzarliklarga sababchi bo‘lgan 466 nafar bank xodimi hisobidan qoplangan. Qolaversa, yil davomida banklardan iste’molchilarga 25,4 mlrd so‘m qaytarib berilgan.

«Faqat auksion orqali». Toshkent hokimi va ITSV rahbarining birinchi o‘rinbosari — texnoparkdagi yer ajratishlar haqida

Prezident 210 gektar maydonda barpo etiladigan «Yangihayot» texnoparki loyihasi bilan tanishar ekan, Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev va ITSV rahbarining birinchi o‘rinbosari Aziz Voitovga yer ajratishlar tanish-bilish orqali bo‘lmaydimi, deya savol berdi. «Faqat auksion orqali», deb javob berishdi ikkala rahbar ham bir ovozda.

Ayiq qafasiga tashlab yuborilgan qizaloq shifoxonadan chiqdi

Onasi ayiq voleriga tashlab yuborgan 3 yoshli qizaloqning ahvoli yaxshilangani bois shifoxonadan uyiga javob berildi. U hozircha buvisining qaramog‘ida bo‘ladi.

Firdavs Abduxoliqov manfaatlar to‘qnashuvi ishi bo‘yicha 8,1 mln so‘m jarimaga tortildi

Sud Kinematografiya agentligi bosh direktori Firdavs Abduxoliqovni o‘zining oila a’zolariga qarashli bo‘lgan Sevimli TV`ga davlat buyurtmalarini berganlikda aybli deb topdi. U maksimum jazoga — BHMning 30 baravari (8,1 mln so‘m) miqdorida jarimaga tortildi. Bu yuqori darajadagi davlat xizmatchisi manfaatlar to‘qnashuvi uchun javobgarlikka tortilgan birinchi holat.

2021 yilda doping tufayli 14 nafar sportchi diskvalifikatsiya qilingan — O‘zMADA

Doping iste’mol qilish holatlari asosan og‘ir va yengil atletika, dzyudo, ayollar kurashi, sambo, basketbol, suv polosi, muay-tay va pauerlifting sport turlarida aniqlangan.

O‘zbekiston va Eron investitsiyalar bo‘yicha qo‘shma qo‘mitani tashkil etishga kelishdi

O‘zbekiston va Eron o‘rtasida Hukumatlararo komissiyaning 14-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda investitsiya, transport va logistika bo‘yicha qo‘shma qo‘mitalarni tashkil etishga kelishilgan. O‘zbekiston-Eron hamkorligini har tomonlama chuqurlashtirishga qaratilgan kelishuvlarni qamragan qo‘shma «Yo‘l xaritasi» qisqa muddatda ishlab chiqilishi va imzolanishi kutilmoqda.

Hafta davomida O‘zbekistonda bahoriy iliq havo saqlanib qoladi

Dushanba kuni O‘zbekiston bo‘ylab bahoriy iliq, yog‘ingarchiliksiz ob-havo bo‘lishi kutilmoqda. Seshanbadan esa Kavkazdan bulutli massivlar kirib keladi, shunga qaramasdan hafta davomida poytaxtda quruq va iliq ob-havo saqlanib qoladi, boshqa hududlarda esa biroz yomg‘ir yog‘adi.

Endi bojxona organlariga yoshi 30 dan oshgan mutaxassislar ham qabul qilinadi

«Davlat bojxona xizmati to‘g‘risida»gi qonunga kiritilgan o‘zgartishlarga ko‘ra, endi bojxona xizmatiga yoshi 30 dan oshgan yuqori malakali mutaxassislar ham qabul qilinadi. Shuningdek, bojxonachilar endi har 2 yilda emas, balki DBQ raisining buyrug‘iga asosan malaka oshiradi. Qolaversa, bojxona organlariga pullik xizmat ko‘rsatishga ham ruxsat berilmoqda.

Ekstremistik tashkilotlar tarafdorligida gumonlanayotgan 24 nafar fuqaro qo‘lga olindi

Toshkent shahri va Toshkent viloyatida huquqni muhofaza qiluvchi idoralar tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda ekstremistik tashkilotlar tarafdorligida gumonlanayotgan 24 nafar fuqaro ushlandi. Ularning yashash manzillarida aqidaparastlik g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgan taqiqlangan materiallar aniqlangan.

O‘zbekistonga qariyb 136 ming doza Sputnik Light vaksinasi olib kelindi

Toshkent xalqaro aeroportida O‘zbekiston Sputnik Light vaksinasining qariyb 136 ming dozasini qabul qilib oldi. Mazkur turdagi vaksinalarning umumiy miqdori 343 ming dozadan oshdi.

UNFPA Qoraqalpog‘iston SSVga saratonning erta bosqichlarini davolash uskunalarini taqdim etdi

BMTning Aholishunoslik jamg‘armasi (UNFPA) Qoraqalpog‘iston SSVga saraton oldi kasalliklarini birlamchi bosqichda davolash uskunalarini taqdim etdi. Endilikda chekka hududlarda yashovchi ayollar onkologiya markazlariga emas, balki poliklinikalarning o‘zida saraton oldi kasalliklarni davolash xizmatlaridan foydalanishlari mumkin.

«Gazeta.uz»da e’lon qilingan maqolalar:

«Jahondan andoza olishning o‘rniga teskarisini qilayotgandekmiz»

Jurnalistlar hamda Toshkent shahar hokimiyati o‘rtasida ko‘chalardan qanday maqsadlarda foydalanish va jamoat transporti ustuvorligi yuzasidan munozara bo‘lib o‘tdi. Shahar ma’muriyati ko‘chalarda yo‘lovchi yoki yuk tashish imkoniyatini emas, balki harakat o‘tkazuvchanligini oshirishga e’tibor qaratmoqda, rekonstruksiya qilinayotgan ko‘chalarda muammo ko‘rmayapti hamda yangi trotuarlar va velo-yo‘laklarni qulay, tramvayni esa Navoiy ko‘chasining «o‘lchamlari»ga mos kelmaydi, deb hisoblaydi. Shuningdek, ma’muriyat bu borada shahar aholisi bilan maslahatlashishni ortiqcha deb hisoblaydi, sababi — bu vaqt talab etadi.