Xitoy poytaxtida bo‘lib o‘tgan 2022 yilgi qishki Olimpiya o‘yinlari o‘z nihoyasiga yetdi. Bu haqda TASS nashri ma’lum qildi.

Yopilish marosimi Pekindagi Milliy stadionda bo‘lib o‘tdi. Marosim 2 soat davom etdi.

Foto: Rossiya Olimpiya qo‘mitasi

Olimpiadaning tantanali ochilish marosimi 4 fevral kuni bo‘lib o‘tgan edi. O‘yinlarda 109 ta medallar jamlanmasi o‘ynaldi. Dasturga Xalqaro olimpiya qo‘mitasi tasnifi bo‘yicha 15 ta yo‘nalishni birlashtirgan yettita sport turi kiritilgan.

Foto: TASS

Olimpiada yopilish marosimida Xitoy Kommunistik partiyasi raisi Si Szinpin va Xalqaro olimpiya qo‘mitasi prezidenti Tomas Bax tashrif buyurishdi.

Pekin meri Olimpiya harakati bayrog‘ini Milan shahri meriga topshirdi. Aynan shu shaharda 2026 yilgi Olimpiada o‘yinlari bo‘lib o‘tadi.

Foto: RIA Novosti

Marosimda Tomas Bax so‘zga chiqib, dunyoning barcha mamlakatlari hukumatlarini COVID`ga qarshi vaksina olish imkoniyatini ta’minlashga chaqirdi. Xalqaro olimpiya qo‘mitasi prezidenti 24-Olimpiada o‘yinlari yakunlanganini e’lon qildi.

Foto: RIA Novosti

Olimpiada medallarini jamg‘arish bo‘yicha umumjamoa hisobida Norvegiya terma jamoasi a’zolari 16 ta oltin, 8 ta kumush va 13 ta bronza medal (umumiy 37 ta medal) bilan g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Ikkinchi o‘rinni Germaniya (umumiy 27 ta medal) va uchinchi o‘rinni Xitoy Xalq Respublikasi terma jamoalari (15 ta medal) qayd etdi.

Norvegiya terma jamoasi bitta musobaqada qo‘lga kiritilgan oltin medallar soni bo‘yicha qishki Olimpiya o‘yinlari rekordini o‘rnatdi.

Tog‘ chang‘isi musobaqalarida O‘zbekistondan Komiljon To‘xtayev qatnashdi va 42-natijani qayd etdi. Biroq, dasturdagi texnik xato tufayli uning natijasi hakamlar tomonidan hisobga olinmadi. Shu bilan uning Olimpiadadagi ishtiroki yakunlandi.

Xitoy poytaxtida bo‘lib o‘tgan 2022 yilgi qishki Olimpiya o‘yinlari diplomatik boykotlar ostida o‘tdi. AQSh, Buyuk Britaniya, Kanada, Daniya, Belgiya va boshqa davlatlar ushbu tadbirlarga hukumat amaldorlari va rasmiylarini yuborishdan bosh tortdi. Fransiya prezidenti Emmanuel Makron esa o‘yinlarni siyosiylashtirmaslik kerakligini ta’kidladi.