Toshkentning Chilonzor tumanida Albert Eynshteyn portreti turli formulalar bilan birga chizilgan devor bo‘yab qo‘yilgan.

Rassom Inkuzart tomonidan 103-maktab o‘quvchilari uchun chizilgan surat mahalliy diqqatga sazovor joy bo‘lgandi: «Bolalar, aholi bu yerni yaxshi ko‘rishardi, bu yerda ekskursiyalar o‘tkazishardi», — deya xabar qildi turoperator va gid Rustam Xusanov Facebook`da.

Foto: Rustam Xusanov / Facebook.

«Ilgari, devorda asosan katta qilib haqoratli so‘zlar yozilgan, yerda esa pivo idishlari yotardi», — dedi u va kommunal xizmatlar xodimlari harakatini mutlaqo bema’nilik deb atadi.

Inkuzart o‘zining Telegram-kanalida «Yeralash» hazil-mutoyiba kinojurnalidagi musiqa yangragan videoni e’lon qildi, unda rassom qanday qilib graffitini chizgani, keyin esa ishchilar devorni bo‘yab tashlayotgani ko‘rsatilgan. «Chilonzor hokimiga rahmat!» — deyiladi video tagida qoldirilgan izohda.

Chilonzor tumani hokimiyati matbuot xizmati «Gazeta.uz»ga xabar berishicha, Toshkentda Eynshteyn portreti va uning formulalari aks ettirilgan devor noqonuniy qurilma bo‘lganligi bois bo‘yab ketilgan.

Tuman hokimining Arxetektura, qurilish va kommunikatsiyani rivojlantirish bo‘yicha o‘rinbosari Abror Ahmedovning so‘zlariga ko‘ra, rasm chizilgan bino noqonuniy qurilma bo‘lgani uchun buzilishga tushgan, rassomga esa boshqa «qulay joy tavsiya etiladi».

2020 yilda «Gazeta.uz» mahalliy Benksi deb atalgan rassom bilan intervyuni e’lon qilgandi.

Inkuzart asarlari avval ham chizilgandan so‘ng bo‘yab ketilgandi. Do‘ppi kiygan odamning 2021 yil noyabr oyida benzin narxi oshishi fonida yoqilg‘i quyish shoxobchasida qurol bilan o‘zini o‘zi otgan surati va monopoliyaga ishora qilgan mahalliy avtomobillar uchun uzun navbat ko‘rinishidagi graffiti yo‘q qilingandi.