Shavkat Mirziyoyev Yangihayot tumanida faollar bilan uchrashuvda O‘zbekistonning tashqi qarzi masalasida fikr bildirdi. Videolavhalar «Menimcha» ko‘rsatuvida namoyish etildi.

«Avvalambor bizning hamma qarzimiz qonun nuqtai nazaridan… Agar bu bo‘lmaganida oylik ham, metro ham bo‘lmas edi. Shuncha tibbiyot xodimlari yoki muallimlarning oyliklari oshmas edi. O‘tiraverar edik oldingiga o‘xshab qarsak chalib, balandparvoz gap gapirib. Menga u o‘tirish yoqmaydi», — dedi u.

Qolaversa, davlat rahbari hokimlarga ertalab vaqtliroq uyg‘onish kerakligini qayd etdi.

«Mana men hokim [Jahongir Ortiqxo‘jayev]ga necha marta aytaman 6:00 da tur deb. Hozir 6:00 da emas, 5:30 da yorug‘ bo‘lib ketayapti», — dedi prezident.

Poytaxt hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev esa prezident so‘zlarini tasdiqlab, 5:30 da yorishayotgani va vaqtli uyg‘onayotganini aytdi. «Insof bergani rost bo‘lsin, senga ham», — deya qo‘shimcha qildi Shavkat Mirziyoyev.

Eslatib o‘tamiz, 2021 yil 1 oktabr holatiga ko‘ra, 37,6 mlrd dollarni tashkil qilgandi. Bunda davlat qarzi 22,9 mlrd dollar, davlat tomonidan kafolatlanmagan tashqi qarz esa 14,7 mlrd dollarga yetgandi.