Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi «O‘zbekiston Shaxmat federatsiyasi bilan bog‘liq moliyaviy operatsiyalar«ni o‘rganib, uning natijalarini эълонqildi.

Avvalroq, Malibu avtomobilining shubhali sotilishi va Shaxmat federatsiyasidan 1,8 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘ning federatsiya rahbarining birinchi o‘rinbosari, iste’fodagi DXX generali Husan Turdialiyev direktor bo‘lgan xususiy shaxmat klubiga o‘tkazilgani haqida yozgandik.

O‘rganish natijasiga ko‘ra, O‘zbekiston Shaxmat federatsiyasiga 2020−2021 yillar davomida davlat budjetidan mablag‘lar to‘g‘ridan-to‘g‘ri ajratilmagani aniqlangan. Faqatgina Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori bilan tasdiqlangan respublika kalendar rejasiga asosan o‘tkazilgan sport tadbirlari uchun Turizm va sport vazirligi tomonidan mablag‘lar yo‘naltirilgan.

Ta’kidlanishicha, federatsiyaga 2020 yil uchun mablag‘ ajratilmagan, 2021 yil davomida esa jami 6 ta tadbir uchun 2 mlrd 834,8 mln so‘m mablag‘ moliyalashtirilgan. Federatsiya tomonidan uning 2 mlrd 208,4 mln so‘mi sarflangan va qolgan 626,4 mln so‘m mablag‘lar vazirlikka qaytarilgan.

«Shaxmat federatsiyasi nodavlat notijorat tashkiloti bo‘lgani bois, to‘plangan hujjatlar «Nodavlat notijorat tashkilotlari to‘g‘risida»gi Qonunning 34-moddasiga (Nodavlat notijorat tashkilotining faoliyatini to‘xtatib qo‘yish) asosan Adliya vazirligiga yuborildi», — deyiladi xabarda.

Mazkur qonunga ko‘ra, adliya organlari ko‘rsatilgan qoidabuzarliklar to‘g‘risida mazkur tashkilotning rahbar organlariga taqdimnoma kiritadi hamda bu qoidabuzarliklarni bartaraf etish muddatini belgilaydi.

Agar bu qoidabuzarliklar belgilangan muddatda bartaraf etilmasa, taqdimnoma asosida sudning qarori bilan 6oygacha bo‘lgan muddatga to‘xtatib qo‘yiladi.

Eslatib o‘tamiz, Shaxmat federatsiyasi matbuot xizmati ushbu mablag‘lar shaxmatni rivojlantirishga doir prezident qarori (PQ-4954) qabul qilinishi bilan federatsiyaga yuklatilgan qo‘shimcha vazifalarni bajarish uchun ajratilganini bildirgandi. Jumladan, federatsiya go‘yoki o‘zining ayrim vazifalarini o‘z ta’sisligidagi kompaniyaga topshirgan va ushbu vazifalarni bajarish uchun Ijroiya qo‘mita qarori bilan tegishli mablag‘larni o‘tkazib bergan.

«Ushbu mablag‘lar na qaytarish sharti bilan va na beg‘araz asosda berilgan. Ushbu summa aniq vazifalarni amalga oshirish hamda shaxmatni rivojlantirishga qaratilgan ishlarni amalga oshirish uchun qat’iy nazorat ostida berilgan», — deyiladi federatsiya bayonotida.

Federatsiya ma’lumotlariga ko‘ra, mablag‘lar bolalar uchun shaxmatdan video darslarni tasvirga olish va tayyorlash xizmatlari uchun fuqaro T.S.ga (525 mln so‘m), Central chess klub dasturini ishlab chiqqani uchun yana bir fuqaroga (250 mln so‘m), T.Turdialiyevaga dizaynerlik xizmatlari uchun 11,37 mln, Taxmina Turdialiyeva — Husan Turdialiyevning qizi), 3 dona Lenovo Ideapad 3 (Intel i5/DDR4 8GB, HDD 1000 GB + SSD 128 GB/ 15,6 FFHD TN/ 2GB GeForce MX330) noutbukidan sotib olishga 44,4 mln so‘m (ushbu noutbuklarning taxminiy bozor narxi 7 mln so‘m atrofida) va boshqa maqsadlarga sarflangan.

Federatsiya bosh kotibi Sunnatullo Bozorboyev Malibu shaxmat klubiga sotilgan vaqtda kompaniya federatsiya tarkibida bo‘lganiga aniqlik kiritdi.

«Keyinchalik, „Markaziy shaxmat klubi“ alohida MCHJ bo‘lib ajralib chiqqan bo‘lsa-da, federatsiya tarkibida bo‘lgan vaqtidagi rahbari — Husan Turdialiyev ko‘p yillik tajribasi inobatga olinib, ushbu lavozimda ham qoldirilgan», — dedi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, hozirda avtomobil federatsiya binosida turibdi, «uni hech kim shaxsiy maqsadlarda ishlatmayapti».

Sunnatullo Bozorboyev federatsiyada bor-yo‘g‘i 8 xodim ishlashi, federatsiya rahbari va uning o‘rinbosarlari jamoatchilik asosida ishlashini ma’lum qildi.

«Ularning asosiy boshqa ish joylari bor. Katta turnirlarni tashkil qilish va o‘zimizga yuklatilgan boshqa vazifalarni bajarishga imkonimiz yetmagani uchun „Markaziy shaxmat klubi“ MCHJ tashkil etilgan hamda bu tashkilotga aniq vazifalarni bajarish uchun qat’iy nazorat ostida mablag‘lar berilgan», — deya qayd etdi u.

Bundan tashqari, shaxmatchi Sergey Qayumov «Husan Turdialiyevning so‘nggi 20 yildagi diktaturasi» haqida gapirgan bo‘lsa, Gulruhbegim Tohirjonova federatsiya rahbarining birinchi o‘rinbosarining xatti-harakatlari AQShga ketishiga sabab bo‘lganini ma’lum qilgandi.