Namanganda antiradarlar aniqlay olmaydigan lazer tizimi bilan ishlovchi «aqlli» qurilmalarni o‘rnatish boshlandi, deb xabar berdi viloyat hokimligi matbuot xizmati.

18 fevral kuni viloyat hokimi Shavkatjon Abdurazakov Turkiyaning «ÜÇ NOKTA» MCHJ xorijiy korxonasi investorlarini qabul qilgan.

Ta’kidlanishicha, ushbu kompaniya viloyat markazida 10 million dollarlik investitsion loyihani amalga oshirmoqda.

Uchrashuvda yo‘l harakati xavfsizligi tizimida o‘rnatish va foydalanish uchun ishlab chiqarilgan «aqlli radar sistemalari»ning yangi avlodi namoyish qilingan.

«Lazer tizimi bilan ishlovchi ushbu sistemaga qarshi har xil antiradar uskunalari ish bermasligi, tizimda esa faqatgina jazolash emas, balki yo‘llar va chorrahalardagi harakatni tartibga solishi bilan ahamiyatlidir», — deyiladi xabarda.

Ma’lumot uchun, mazkur investitsiyaviy shartnoma o‘tgan yilning iyun oyida imzolangan. Unga ko‘ra,10 mln AQSh dollari miqdoridagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya kiritish sharti bilan namuna sifatida Pop, Chust, To‘raqo‘rg‘on va Davlatobod tumanlarida «aqlli radar sistemalari»ni o‘rnatish belgilangandi.