O‘zbekiston Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati bo‘linmalari nafaqat foydasiz, balki zararli tashabbuslarni ilgari surmoqda.

Payshanba kuni kechqurun YHXB Xorazm viloyati boshqarmasi tayyorlagan videorolikni e’lon qildi. Unda umumiy ovqatlanish, avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchalari, avtobus saroylari, avtoturargohlar, avtbuslarning yakuniy bekatlari, maktablar oldidagi va boshqa piyodalar o‘tish yo‘laklariga o‘quvchi-piyodalarning mulyajlari o‘rnatilayotgani ma’lum qilingan.

Boshqarning fikricha, mulyajni ko‘rgan har bir haydovchi piyodalar, ayniqsa bolalarga nisbatan yanada e’tiborligi bo‘lishi, o‘z farzandlarini ko‘z oldiga keltirish orqali tezlikni me’yorida oshirmasligi, mast holatda mashina boshqarmasligi orqali yo‘l-transport hodisalarining oldi olinadi.

Rolikda aytilishicha, bunday mulyajlar viloyatning barcha tumanlariga o‘rnatiladi.

«Gazeta.uz» mas’ul idoralarni «qizg‘in faoliyatni imitatsiya qilish» deb ataladigan ishlarni to‘xtatish hamda ko‘cha va yo‘llarda YTHlar, jarohatlar va o‘limlarning oldini olish uchun butun dunyoda tasdig‘ini topgan usullarni qo‘llashni boshlashga chaqiradi.

2018 yilda «O‘tish joylaridagi mulyajlar innovatsiya emas» sarlavhali materialni e’lon qilgan edik. Unda nafaqat shaharlar, balki shaharlararo trassalarda ham o‘rnatiladigan bolalar mulyajlari haqida so‘z boradi. O‘z navbatida, o‘sha vaqtda bu «innovatsiya» sifatida taqdim etilgan edi.

Bu kabi mulyajlarning xavfli tomoni shundaki, haydovchilar ularga o‘rganib qolishadi va e’tibor bermay qo‘yishadi. Aniqroq aytganda, ular sababli haqiqiy bolalarni ham payqamay qolishlari mumkin. Xullaskalom, yo‘l o‘rtasidagi bu kabi mulyajlar bolalarni mutlaqo himoya qilmaydi.

Lavhalarga diqqatliroq qaralsa, yo‘l chiziqlarining yetishmasligini va yo‘lning juda ham keng ekanligini ko‘rish mumkin. Yo‘l qatorlari har ikki tomonda bittadan ko‘p bo‘ladigan bo‘lsa, bunday joylarga majburiy tartibda svetoforlar o‘rnatilishi, shuningdek, piyodalar o‘tish joyini balandroq qilish, yo‘l qatorlarini egikroq qilish va qisqartirish, kattaroq hajmli jismoniy (beton yoki boshqa mustahkamroq materialdan) xavfsizlik orolchasini o‘rnatish lozim. Bu haqda yozilgan ko‘plab qo‘llanmalarni internetdan xohlagancha topish mumkin.

Yaqinda Prezident Shavkat Mirziyoyev yo‘l harakati xavfsizligi holati nazoratdan chiqib ketganini aytdi. O‘tgan yil davomida mamlakatda YTHlar soni 43 foizga oshgan.

YHXB o‘zining Telegram-kanalida mamlakatda vujudga kelgan favqulodda holatlarga yechim sifatida turli tashabbuslar taqdim etilgan ko‘plab roliklarni e’lon qilmoqda. Aksariyat videoroliklarda YHXB va hokimliklar payqamayotgan ko‘plab muammolarni ko‘rish mumkin.

Yo‘l harakati qatnashchilari xavfsizligini yaxshilashi mumkin bo‘lgan bahsli tashabbuslar va rejalashtirishdagi kamchilik va xatolarga misollar:

Chorrahalarning noto‘g‘ri geometriyasi, juda uzun piyodalar o‘tish joylari, xavfsizlik orollari va yo‘l chiziqlarining yo‘qligi, ko‘chaning haddan tashqari kengligi. Termiz.Toshkent va Chirchiq avtomagistralida tartibga solinmagan piyodalar o‘tish joyida ajratgich o‘rtasidagi bo‘sh joy.Uchquduqda transport vositalariga yopishtiriladigan eslatmalar.Ko‘zi ojiz bolalar maktabi oldidagi «To‘xtang!» ovozli signali bilan jihozlangan ammo tuzukroq xavfsiz orolchasi bo‘lmagan piyodalar o‘tish joyi. Keng yo‘l va qatorlar o‘rtasidagi o‘chib ketgan chiziqlar.Buxoro viloyatida YTHda zarar ko‘rgan avtomobil namoyish qilinayotgan «Targ‘ibot karvoni».Avtomobil oynalariga «Diqqat, piyoda!» aksiyasi haqida ma’lumot yozilgan stikerlar.