Shavkat Mirziyoyev Yangi hayot tumani faollari bilan uchrashuvda jamoat transporti mavzusi haqida to‘xtalgan va bugun dastlabki tramvay yo‘llari loyihasi bilan tanishganini aytgan. Bu haqda «Daryo» xabar bermoqda.

«Samarqandda ham aytdim, Toshkentda tramvayni tiklaymiz dedim. Dunyo yashil iqtisodiyot, yashil energetika tomon ketyapti. Xavfsiz, ekologik toza transport ekani uchun ham tramvayni kaytarayotganimiz adolatdan deb o‘ylayman. Men bugun dastlabki tramvay yo‘llari loyihasini ko‘rdim. Yetti o‘lchab bir kesib, marshrutlarni aniqlaymiz», — degan Shavkat Mirziyoyev.

Shuningdek, metroning qurilayotgan qismini Mustaqillik bayramigacha tugatish rejalashtirilayotganini qo‘shimcha qilgan.

«Metroning qurilayotgan qismining Mustaqillik bayramigacha tugatmoqchimiz. Metroning qurilishini 30 yil unutib qo‘ygan edik. Avval yer osti metrosi bor edi, yer usti metrosining qurilishini esa yangilik desak bo‘ladi», — degan prezident.

Eslatib o‘tamiz, 10 fevral kuni Samarqand viloyatida ishchi safari davomida prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahriga tramvay qaytarilishini ma’lum qilgan edi.

Biroz avval «Gazeta.uz» tramvayning qaytishi jahon trendi va jamoat transportini rivojlantirishning yagona oqilona yo‘li ekani ta’kidlangan taniqli jurnalist va jamoat arboblarining fikrlarini e’lon qilgan edi.

Toshkent hokimining arxitektura, kapital qurilish va kommunikatsiyalarni rivojlantirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari Baxtiyor Rahmonov esa 16 fevral kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Navoiy ko‘chasiga tramvay qaytarilmasligini bildirgan edi.