Turizm va sport vazirligi ikkiga bo‘linib, Turizm va madaniy meros hamda Sportni rivojlantirish vazirliklari tashkil etildi, deb xabar bermoqda O‘zA.

Xabarda aytilishicha, 18 fevral kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda deputatlar O‘zbekiston bosh vazirining o‘rinbosari — turizm va madaniy meros vaziri lavozimiga Aziz Abduhakimov nomzodini ko‘rib chiqdilar va ma’qulladilar.

Shundan so‘ng deputatlar tomonidan sportni rivojlantirish vaziri lavozimiga Adham Ikramov nomzodi ko‘rib chiqildi va ma’qullangan. Adham Ikramov bunga qadar Savdo-sanoat palatasi raisi edi.

Eslatib o‘tamiz, 2021 yilning aprel oyida Jismoniy tarbiya va sport vazirligi hamda Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi negizida Turizm va sport vazirligi tashkil qilingan edi.