Senat raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev Xalqaro munozara klubining demokratlashtirish, fuqarolik jamiyati va inson huquqlari ustuvorligi masalalariga bag‘ishlangan seminarida mamlakatni modernizatsiya qilish talablariga to‘xtalib o‘tdi.

«Mamlakat taraqqiyoti darajasi, jamiyat hayotidagi masalalarni hal etish fuqarolarning o‘zi qay darajada ishtirok etishi bilan bog‘lanadi. Inson faqatgina rivojlanish obyekti emas, balki uning subyekti, taraqqiyotning maqsadigina emas, balki uning eng muhim harakatlanuvchi kuchi va hal qiluvchi omili», — dedi Safoyev nutq boshida.

«Jamiyatimiz oldida turgan strategik maqsad — zamonaviy, barqaror rivojlanib borayotgan ijtimoiy bozor iqtisodiyotiga asoslangan dunyoviy, demokratik, huquqiy davlat qurish hamda barqaror ekologik rivojlanishga erishadigan jamiyat barpo etish. Bunga erishish uchun biz birinchi navbatda siyosiy va iqtisodiy modernizatsiya jarayonini amalga oshirishimiz zarur», — dedi senator.

Sodiq Safoyev barqaror taraqqiyotga intilayotgan mamlakat nimalarga e’tibor qaratishi kerakligiga ham to‘xtaldi. «Agar biz xorijiy investitsiyalarni jalb qilmoqchi bo‘lsak, bu, birinchi navbatda, zamonaviy siyosiy tuzilmani, inson huquqlari va erkinliklarini ta’minlashni taqozo etadi. Bu isbot qilish muhtoj bo‘lmagan aksiomadir», — dedi u.

Senat raisining birinchi o‘rinbosari modernizatsiyaning muayyan belgilari borligini eslatib o‘tdi.

«Zamonaviylashgan jamiyat doimiy taraqqiyotni ta’minlovchi ichki mexanizmlarga ega. Bu alohida shaxsga bog‘liq emas, tizim ishlaydi. Mexanizmlarning eng muhimlaridan biri — hokimiyatning uchta tarmog‘i o‘rtasidagi bir-birini tiyib turish tizimi, davlat boshqaruvi tizimini markazlashgan tizimdan markazlashmagan tizimga o‘tkazishni, xususiy mulk daxlsizligini, rivojlangan fuqarolik jamiyatini va qonun ustuvorligini talab etadi. Bugun O‘zbekiston chuqurroq, murakkabroq, fundamental o‘zgarishlar bo‘sag‘asida turibdi», — deya ta’kidladi Safoyev.