Toshkent shahrida avtomobillar uchun yagona yo‘l bo‘yi pullik to‘xtash joylari tizimi tashkil etilishi rejalashtirilmoqda. Bu haqda «Toshkent shahar jamoat transporti tizimini yanada rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi prezident qarorida ko‘zda tutilgan.

Hujjatda ta’kidlanishicha, Toshkent shahridagi tirbandliklarni, markaziy ko‘chalarda transport oqimini kamaytirish, jamoat transportining o‘rtacha harakatlanish tezligini oshirish, avtomobillarning yo‘l bo‘yida betartib to‘xtashini tartibga solish, aholining jamoat transportidan foydalanishini rag‘batlantirish maqsadida shaharda yagona avtomobil yo‘l bo‘yi pullik to‘xtash joylari tizimi tashkil etiladi.

Avtomatlashtirilgan «parkovka"lar 2022 yil 1 noyabrga qadar davlat-xususiy sheriklik tamoyillari asosida birinchi bosqichda 11 ta — xususan, «Fidokor», «Amir Temur», «Nukus», «Bratislava», «Mirobod», «Glinka», «Avliyoota», «Shevchenko», «Said Baraka», «Moshtabib» va «Yakub Kolas» ko‘chalarida, kelgusida talabdan kelib chiqib boshqa ko‘chalarda tashkil etilishi rejalashtirilgan.

Shu maqsadlarda 2 ta parkon (maxsus avtotransport), 2 ta evakuator va 57 ta parkomatlar xarid qilinishi ko‘zda tutilgan.

Tizimni joriy etish jarayonida pullik to‘xtash joylariga yondosh hududdagi piyoda yo‘laklarini ta’mirlash va velosiped yo‘laklari tashkil etish ishlari amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan.

Vazirlar Mahkamasi ikki hafta muddatda avtomobillarning avtomatlashtirilgan yo‘l bo‘yi pullik to‘xtash joylarini tashkil etish va ulardan foydalanish tartibi to‘g‘risida qaror qabul qiladi.

Qayd etilishicha, ushbu konsepsiya shu jumladan, shahar markazida harakatlanayotgan yengil avtomobillar soni 20 foizgacha qisqartirish va velosiped transporti infratuzilmasining keng rivojlantirish maqsadida amalga oshirilmoqda.

Yil davomida Toshkent shahri tajribasi asosida viloyatlar markazlarida jamoat transporti tizimini rivojlantirish rejalashtirilgan.

2022−2026 yillarda DXSH asosida tadbirkorlik sub’etlari mablag‘lari hisobiga 80 ta ko‘p qavatli avtoturargohlarni tashkil etish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish va Vazirlar Mahkamasiga kiritish belgilangan.