Prezident Shavkat Mirziyoyev mahallalar hayoti, sanoat loyihalari bilan tanishish maqsadida Toshkent shahri Yangihayot tumaniga tashrif buyurdi.

«Daryo» nashrining xabar berishicha, davlat rahbari tumandagi «Do‘stlik» mahallasiga borgan va mahalla raisi, profilaktika inspektori, hokim yordamchisi hamda yoshlar bo‘yicha mas’ullar bilan suhbatlashgan.

«Men nima uchun Yangihayot tumaniga ko‘p tashrif buyuryapman? Avvalo, shu yerni obod qilib olishimiz kerak. Avvallari shahar markazidan Sergeliga taksi kelishi qiyin edi. Endi bu yerlarni rivojlantirishimiz kerak», — degan Mirziyoyev.

Shavkat Mirziyoyev yoshlar yetakchisi bilan suhbatda undan qancha fuqaroning ishsizligi va amalga oshirgan ishlari haqida so‘ragan. Yetakchining javobiga ko‘ra, «Do‘stlik» mahallasining harbiy xizmatga borishni niyat qilgan yoshlari, mart oyida bir hafta davomida, poligonga borishni rejalashtirgan.

Shuningdek, mahallada 40 nafar yoshlar IT-sohasiga qiziqish bildirayotgani aytilgan.

Prezident uyushmagan yoshlarni sportga va kasblarga qiziqtirish bo‘yicha topshiriqlar bergan.