«Gazeta.uz» o‘quvchilaridan kelgan murojaatga ko‘ra, bir oylik harbiy xizmat uchun to‘lovni amalga oshirgan, lekin karantin sababli 27 yoshga to‘lishidan oldin harbiy xizmatga borolmagan bir nechta fuqarolar mavjud.

Ulardan birining ma’lum qilishicha, fuqaro 2021 yilning aprel oyida (o‘sha paytda u 26 yosh bo‘lgan) bir oylik harbiy xizmatga to‘lovni amalga oshirib, o‘qishni bitirganidan so‘ng harbiy xizmatga avgust yoki sentabr oylarida borishni rejalashtirgan. Biroq, u 2021 yilning avgust-sentabr oylarida Mudofaa bo‘limlarida koronavirus infeksiyasi sabab karantin joriy etilgach, bir oylik harbiy xizmatga bora olmaganligini aytdi.

Fuqaroning aytishicha, 2021 yilning iyul oyida Mudofaa vazirligining tegishli bo‘limidan unga qo‘nig‘iroq bo‘lib, karantin tugagach, harbiy xizmatga yuborilishi ma’lum qilingan. Karantin oktabr oyida tugagach esa fuqaro 27 yoshga to‘lgani sababli uning harbiy xizmatga borishi qonuniy jihatdan imkonsiz ekanligi aytilgan va harbiy xizmat uchun to‘langan to‘lov qaytarib berilmagan.

Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 5 apreldagi 267-son qarorida faqat harbiy xizmatga yaroqsiz deb topilgan va tibbiy-mehnat ekspertizasi tomonidan 27 yoshgacha I, II, III guruh nogironligi to‘g‘risida ma’lumotnoma berilgan chaqiriluvchilarga, shuningdek, vafot etgan va Maxsus hisob raqamiga yanglishib o‘tkazilgan pul badallari qaytarib berilishi, boshqa hollarda to‘langan pul badali qaytarib berilmasligi belgilangan.

«Gazeta.uz»ga murojaat qilgan fuqaro pulni qaytarishni emas, harbiy xizmatni o‘tish imkoniyatini so‘rab prezident portaliga murojaat qilganini aytdi. U 2020 yilning aprel-may oylarida O‘zbekiston bo‘ylab harbiy qismlarda karantin choralari joriy etilib, karantindan so‘ng aynan shu oylarda 27 yoshga to‘lgan chaqiriluvchilarga keyinchalik harbiy xizmatni o‘tashlariga ruxsat berilganini ta’kidladi.

Ushbu vaziyatga aniqliq kiritish maqsadida «Gazeta.uz» Mudofaa vazirligi bilan bog‘landi va savollarga javob oldi.

Vazirlik haqiqatdan ham 2020 yilda koronavirus tufayli karantin joriy qilingan davrda 27 yoshga to‘lib qolgan safarbarlik chaqiruv rezervi xizmatchilariga 2020 yilning oktabr-noyabr oylarida istisno sifatida oylik harbiy yig‘inga qatnashishiga ruxsat berilganligini ta’kidladi.

Mudofaa vazirligi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, hozirda respublika bo‘yicha muddatli harbiy xizmatga shartnoma tuzib, to‘lovni to‘liq amalga oshirgan va 27 yoshga to‘lib qolgan fuqarolarning soni 64 nafarni tashkil etadi.

Vazirlikning qayd etishicha, harbiy xizmatni tartibga soluvchi qonun hujjatlarida karantin bilan vaziyatlarda harbiy xizmat turlarini o‘tash bo‘yicha moddalar mavjud emas.

«Gazeta.uz» ushbu holat yuzasidan Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayevdan ham izoh so‘radi.

«Mudofaa vazirligi 2020 yilda 27 yoshdan o‘tganlarni ham bir oylikka chaqirgan edi. 2021 yilga kelib chaqirmagan. Ya’ni, bitta masalada ikki xil pozitsiya bo‘lyapdi. Bu — noto‘g‘ri. Shuning uchun, mening fikrim, vazirlik 27 yoshga to‘lib qolgan bo‘lsa ham, karantin davrini hisobga olgan holda bularni bir oylik xizmatga chaqirishi kerak», — deydi Kusherbayev.

Deputat ikki tomon o‘rtasida tuzilgan shartnomada «fors-major holatlar» haqida band bo‘lishi lozimligini ta’kidladi.

«Ular shartnoma tuzayotgan vaqtda yoki o‘sha qonunni yozayotgan vaqtda 2020−2022 yillar oralig‘ida shunaqa pandemiya bo‘lib qolishini bilmaganmiz. Bu ko‘zda tutilmagan holat — fors-majorga kiradi. Shu bois, fors-major holatida bo‘lgan bunday muammolar fuqaro aytayotgan talab bo‘yicha uning foydasi yo‘lida hal qilib berilishi kerak. Masalan, Mudofaa vazirligi buni hal qilaman desa qonun ularni hech qanday jazolamaydi. Chunki, bu pandemiya ko‘zda tutilmagan, oldindan bilish mumkin bo‘lmagan holat, ya’ni buni yengishning iloji yo‘q», — dedi Qonunchilik palatasi a’zosi.

Rasul Kusherbayev qonunchilikdagi bartaraf qilib bo‘lmaydigan, ziddiyatli vaziyatlar fuqaroning foydasiga hal etilishi kerakligini qayd etdi.

«Fuqaroning foydasiga hal qilinadi. Bu Fuqarolik kodeksida ham yozib qo‘yilgan. Ya’ni, xohish kerak holos. Mudofaa vazirligi buni istasa qiladi. Chunki bir yil oldin qilgan-ku, amaliyot bor ularda», — dedi u.

Ma’lumot uchun, Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 5 apreldagi 267-son qarorida fors-major vaziyatlarda oylik harbiy xizmatga to‘langan pul badallarining qaytarilishi nazarda tutilmagan. Fuqarolar ko‘rsatilmagan va/yoki olinmagan xizmat uchun pul to‘lashgan.