Prezident Shavkat Mirziyoyev 18 fevral kuni Yangihayot tumaniga safar qilib, Do‘stlik mahallasidagi hayot bilan tanishdi, deya xabar berdi davlat rahbarining matbuot xizmati.

Bu yerda 11 ta ko‘p qavatli uy bo‘lib, 4 ming nafardan ziyod aholi yashaydi. Mahalla hududida kasb-hunar kolleji, maktabgacha ta’lim muassasasi, dorixonalar, do‘kon va maishiy xizmat shoxobchalari bor.

Ilgari bu yer biroz e’tibordan chetda qolgan edi. O‘tgan yili «Obod mahalla» dasturi doirasida hudud obodonlashtirildi. Bolalar o‘yingohi, sport maydonchasi, savdo va kasanachilik do‘konlari barpo etildi.

Davlat rahbari ushbu bunyodkorlik ishlarini ko‘zdan kechirdi. Mahalla raisi, hokim yordamchisi bilan suhbatlashdi.

«Xalqimiz mana shunday obod, chiroyli joylarda yashashga munosib. Ishlarni mahallabay tashkil etayotganimizdan maqsad shu. Endi bu yerda muhit, qo‘ni-qo‘shnichilik, ahillik ham mustahkam bo‘lishi kerak. Milliy qadriyatlarimizdagidek tadbirlar uyushtirish mumkin», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Fuqarolar yig‘inining yangi binosida mahalla faollari, nuroniylar bilan muloqot bo‘ldi.

«Bu — davlatning zamini, — dedi prezident. — Mahalla obod bo‘lsa, mamlakat obod bo‘ladi. Ko‘rayapsizlar, zamon tahlikali bo‘lib turibdi. Qiyinchiliksiz oila bo‘lmaganidek, qiyinchiliksiz davlatning o‘zi yo‘q. Biz ham sabr bilan, ilm bilan, mehnat va harakatimiz bilan rejalarimizni amalga oshirayapmiz».

Mamlakatdagi yangi tizim asosida Yangihayot tumanidagi 30 ta mahallaga ham hokim yordamchilari va yoshlar yetakchilari tayinlangan.

«Ilgari odamlar muammolar bo‘yicha hokimiyatga borardi, xatlar yozardi. Endi har bir mahallada prezidentning vakillari bor. Endi ular xonadonlarni o‘rganib, yordamga muhtoj oilalarga ko‘maklashish, ishsizlarni kasb-hunarga o‘qitish, imtiyozli kredit va subsidiyalar ajratish bo‘yicha ishlarni yo‘lga qo‘yishlari zarur», — dedi davlat rahbari.

Prezident tuman bo‘ylab safari vaqtida «Yangihayot» texnoparki qurilishi va sanoat obyekti faoliyati bilan ham tanishdi.