Farg‘ona viloyati Qo‘qon shahrida O‘zbekiston hududida faoliyati taqiqlangan «Hizb ut-Tahrir» diniy-ekstremistik tashkiloti g‘oyalarini targ‘ib qilishda gumon qilingan shaxs qo‘lga olindi, deb xabar bermoqda IIV Terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish bosh boshqarmasi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, muqaddam «Hizb ut-Tahrir» safida faoliyat olib borganligi uchun 2000−2004 va 2007−2013 yillarda jazo muddatini o‘tab chiqqan 43 yoshli M.A. jinoiy faoliyatini tiklab, «Facebook» ijtimoiy tarmog‘i orqali ekstremistik g‘oyalarni targ‘ib qilish va shu yo‘l bilan «tahrirchilar» safini kengaytirishga qaratilgan noqonuniy xatti-harakatlarni sodir etgan.

M.A. Facebook orqali virtual do‘stlariga «Hizb ut-Tahrir» DETning audio-video materiallarini, shuningdek tashkilotning faol virtual yollovchisi va targ‘ibotchisi «Maxmud Abdulmo‘min» taxallusli, 1980 yilda Qirg‘izistonda tug‘ilgan Maxmudjon Холдаровнинг ma’ruzalarini tarqatib kelgani aniqlangan.

Hozirda ushbu shaxsga nisbatan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov-surishtiruv tadbirlari amalga oshirilmoqda.