Jahon bankining ijrochi direktorlari kengashi O‘zbekistonga 50 million AQSh dollari miqdorida imtiyozli kreditni taqdim etishni ma’qulladi. Bu haqda JBning matbuot xizmati ma’lum qildi.

Moliyalashtirish milliy statistika tizimini modernizatsiya qilish bo‘yicha besh yillik loyihani amalga oshirish uchun ajratilmoqda.

Loyiha Davlat statistika qo‘mitasining (Davstatqo‘m) statistik ma’lumotlarni umume’tirof etilgan xalqaro standartlarga mos ravishda ishlab chiqishi va tarqatishi bo‘yicha salohiyatini yaxshilashga ko‘maklashishi kutilmoqda.

Jahon banki guruhiga kiruvchi Xalqaro taraqqiyot assotsiatsiyasi (XTA) yuqorida ta’kidlab o‘tilgan imtiyozli moliyalashtirishni O‘zbekiston hukumatiga juda past foiz stavkasida taqdim etadi. Kreditni qoplash bo‘yicha muddat — 30 yil, shu jumladan 5 yillik imtiyozli davr bilan.

Jahon banki tomonidan moliyalashtiriladigan loyiha Davstatqo‘mning muhim statistik ma’lumotlarni yig‘ish, qayta ishlash va tarqatish yo‘nalishidagi inson va texnologik salohiyatlarini rivojlantirishni jadallashtirishi kutilmoqda. Tegishli statistik ma’lumotlarning mavjudligi fuqarolar va biznes vakillari uchun turli xil davlat xizmatlarini ko‘rsatish samaradorligini oshiradi, xususiy sektor o‘sishiga hissa qo‘shadi hamda O‘zbekistonga ko‘proq xorijiy investitsiyalarni jalb qilishga ko‘maklashadi, deyiladi bank xabarida.

«Jahon bankining texnik ko‘magi bilan Davlat statistika qo‘mitasi 2020−2025 yillarga mo‘ljallangan statistikani rivojlantirishning Milli strategiyasini ishlab chiqdi», — deya ta’kidladi Jahon bankining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Marko Mantovanelli. «Biz yangi loyiha ushbu hujjatdan o‘rin olgan qator chora-tadbirlarni amalga oshirishda ko‘maklashishidan xursandmiz. Sifatli statistik ma’lumotlar siyosiy qarorlarni qabul qilish jarayonining yaxshilanishi va ularning turli ijtimoiy-iqtisodiy sohalardagi vaziyat to‘g‘risidagi ishonchli ma’lumotlar asosida amalga oshirilishi hisobiga O‘zbekistonning kelgusi transformatsiyasiga yordam beradi».

Loyiha turli xil maqsadlarga erishish uchun muhim bo‘lgan bir nechta muhim komponentlarni va chora-tadbirlarni o‘z ichiga oladi:

1-komponent: Institutsional islohot va Davstatqo‘mning salohiyatini rivojlantirish. Loyiha milliy statistika tizimining tashkiliy tuzilmasini takomillashtirish, shuningdek Davstatqo‘mning operatsion, boshqaruv va kadrlar bo‘yicha salohiyatini yaxshilashga yo‘naltirilgan qator chora-tadbirlarni amalga oshiradi. Davstatqo‘m xodimlari uchun professional tayyorlov dasturlari, shuningdek mamlakatdagi oliy ta’lim muassasalari uchun statistika bo‘yicha o‘quv dasturlari ishlab chiqiladi, joriy qilinadi va amalga oshiriladi.

2-komponent: Statistik ma’lumotlarning ishlab chiqilishi. Loyiha statistikani rivojlantirish bo‘yicha Milliy strategiyada ko‘rsatib o‘tilgan eng muhim statistik ma’lumotlardagi yetishmovchiliklarni bartaraf etish, shuningdek ularni yig‘ish va tahlil qilish jarayonlarini modernizatsiya qilishga ko‘maklashadi.

Xususan, milliy hisoblar tizimi (mamlakatdagi iqtisodiy vaziyatni ta’riflash va tahlil qilishda qo‘llaniladi), aholi farovonligi monitoringi tizimi (masalan, demografiya, asosiy mahsulotlarning narxlari, gender, kambag‘allik va bandlik masalalari bo‘yicha statistikalar), shuningdek atrof-muhit bilan bog‘liq ma’lumotlar yangilanadi. Turli xil statistik metodlar, standartlar va registrlar takomillashtiriladi.

Ushbu komponent 2023−2024 yillarga rejalashtirilgan aholi va uy-joy fondi, shuningdek qishloq xo‘jaligini umummilliy ro‘yxatga olish ishlariga tayyorgarlik ko‘rish va ularni o‘tkazishni qo‘llab-quvvatlaydi. Ushbu ro‘yxatga olish ishlari O‘zbekiston mustaqillikka erishganidan so‘ng birinchi marotaba o‘tkaziladi.

3-komponent: Davstatqo‘mning moddiy-texnik ta’minoti va statistik ma’lumotlarni tarqatishni yaxshilash. Ushbu komponent Davstatqo‘mning statistik ma’lumotlarni saqlash va qayta ishlash markazini modernizatsiya qilish ishlarini moliyalashtiradi. Ma’lumotlarni yig‘ish va tahlil qilish uchun axborot-kommunikatsiyalari qurilmalari, qog‘oz arxivlarni raqamlashtirish tizimlari, statistik ma’lumotlarni qayta ishlash uchun litsenziyalangan dasturiy ta’minot, shuningdek kompyuter va planshetlar xarid qilinadi hamda Davstatqo‘mning markaziy apparatidagi va hududiy bo‘linmalaridagi xodimlari orasida tarqatiladi.

Shuningdek, loyiha Davstatqo‘mni ma’lumotlarni yig‘ish va tarqatish uchun qog‘oz hujjatlardan elektron qurilmalarga o‘tishida yordam beradi. Bundan tashqari, statistik yilnomalar va sohalar bo‘yicha turli xil statistik ma’lumotlar o‘rin olgan hisobotlar chiqarilishi yo‘lga qo‘yiladi. Davstatqo‘mning rasmiy vebsayti va uning platformasida joylashtirilgan turli xil ma’lumotlar bazalarini rivojlantirish bo‘yicha ishlar amalga oshiriladi.