Markaziy Osiyo mamlakatlari futbol terma jamoalari reytingida O‘zbekiston terma jamoasi futbolchilari 31,80 mln yevroga baholanib, mintaqa reytingida birinchi o‘rinni qayd etdi. Bu haqda Qirg‘izistonning sport.kg nashri ma’lum qildi.

Futbolchilarning taxminiy bahosiga ixtisoslashgan Germaniyaning Transfermarkt sayti Markaziy Osiyo mamlakatlari terma jamoalari haqidagi yangi ma’lumotlarni e’lon qildi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekiston terma jamoasi mintaqa reytingida peshqadam bo‘ldi. Mamlakat terma jamoasi futbolchilarining umumiy narxi 31,80 mln yevroga baholangan. O‘zbekiston FIFA reytingida 85-o‘rinni egalladi.

Shuningdek, mintaqaning eng qimmat futbolchisi ham O‘zbekiston terma jamoa a’zosi — Eldor Shomurodov («Roma», Italiya) deya e’tirof etilib, futbolchining bahosi esa 12 mln yevro miqdorida qayd etildi.

Eldor Shomurodovdan keyingi o‘rinlardagi O‘zbekiston terma jamoasining eng qimmat futbolchilari:

  • Otabek Shukurov («Sharja» sport klubi, BAA) — 3,50 million yevro,
  • Jaloliddin Masharipov («Al-Nasr», Saudiya Arabistoni) — 3 million yevro,
  • Aziz G‘aniyev (Shabab Al-Ahli Dubay, BAA) — 2 million yevro.

Ikkinchi o‘rinda Qozog‘iston terma jamoasi — 18,05 million yevroga baholangan. Eng qimmat futbolchilar Stas Pokatilov («Aqto‘be», Qozog‘iston) — 1,10 mln yevroga tenglashtirildi. Mamlakatning FIFA reytingidagi o‘rni — 120.

Uchinchi o‘rinda Tojikiston terma jamoasining qiymati — 6,43 mln yevro miqdorida qayd etildi. Jamoaning eng qimmat futbolchilari Parvizjon Umarboyev («Lokomotiv Plovdiv», Bolgariya) va Alisher Jalilov («AGMK», «Olmaliq», O‘zbekiston) har biri — 700 ming yevroga baholangan. FIFA reytingidagi o‘rni — 115.

Keyingi o‘rinni Qirg‘iziston terma jamoasi — 5,80 mln yevro bilan band etdi. Ushbu jamoaning eng qimmat futbolchilari Guljigit Aliqulov («Qayrat», Olmaota) — 1 mln yevro va Valeriy Kichin («Enisey», Krasnoyarsk) — 750 ming yevro hisoblanadi. FIFA reytingidagi o‘rni — 96.

Mintaqa reytingida Turkmaniston terma jamoasi 2,56 mln yevro bilan oxirgi o‘rinni band etdi. Jamoaning eng qimmat futbolchisi Oltimurod Annadurdiyev («Oltin Asir», Turkmaniston) — 175 ming yevro bahosida e’tirof etildi. Jamoaning FIFA reytingidagi o‘rni — 134.

Eslatib o‘tamiz, Eldor Shomurodov 2021 yil yakunlari bo‘yicha O‘zbekistonda yilning eng yaxshi futbolchisi deb topilgandi.