23 fevraldan S7 Airlines Yekaterinburg — Farg‘ona yo‘nalishida muntazam parvozlarni yo‘lga qo‘yadi, deb xabar bermoqda «Kommersant’» Yekaterinburgning Kolsovo aeroportiga tayangan holda.

Ta’kidlanishicha, Rossiya aviakompaniyasi reyslarni haftada bir marta chorshanbadan payshanbaga o‘tar kechasi amalga oshiradi. Parvoz vaqti 3 soatni tashkil qiladi.

Parvoz yo‘nalishida 164 yo‘lovchiga mo‘ljallangan Airbus A320neodan foydalaniladi.

Hozirda Farg‘onadan Yekaterinburgga faqatgina «Uralskiye avialinii» parvozlarni amalga oshirib keladi.

Jumladan, Kolsovo aeroportidan hozirda Toshkent, Samarqand, Buxoro, Namangan, Navoiy, Urganch va Ferg‘onaga uchish mumkin. 2021 yilda Kolsovodan O‘zbekistonga amalga oshirilgan reyslarda qariyb 90 ming kishiga xizmat ko‘rsatilgan. Bu aeroport yo‘lovchilar oqimining 1,5%ini tashkil qilgan.

Ilgariroq, 31 yanvardan Uzbekistan Airways Express havo kemalarida «to‘liq ekonom-klass» tamoyili asosida Namangandan Moskva, Perm, Samara, Omsk, Orenburg, Irkutsk, Krasnodar va Yekaterinburgga to‘g‘ridan-to‘g‘ri muntazam aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yilishi haqida xabar bergan edik.

Bunga qadar O‘zbekiston Transport vazirligi S7 Airlines aviakompaniyasi tomonidan O‘zbekistonga amalga oshiriladigan muntazam parvozlar ro‘yxatini e’lon qilgan edi.