17 fevral kuni Milliy olimpiya qo‘mitasi Ijroqo‘mining navbatdan tashqari yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi, deb xabar berdi qo‘mita matbuot xizmati.

Yig‘ilishda 2019 yilning may oyidan beri MOQ raisi lavozimida ishlab kelgan Rustam Shoabdurahmonovning o‘z xohishiga ko‘ra yozgan arizasi ko‘rib chiqilgan.

Uning arizasi Ijroqo‘m a’zolari tomonidan qabul qilingan.

Milliy Olimpiya qo‘mitasiga yangi rahbar MOQning navbatdan tashqari Bosh Assambleyasi yig‘ilishida saylanadi.

Eslatib o‘tamiz, Rustam Shoabdurahmonov mazkur lavozimda Umid Ahmadjonovning o‘rnini egallagandi. Bunga qadar esa O‘zbekiston qilichbozlik federatsiyasiga rahbarlik qilgan.

Rustam Shoabdurahmonov shuningdek, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi alohida muhim ijtimoiy, madaniy va tarixiy ahamiyatga ega obyektlarni qurish, rekonstruksiya qilish va kapital ta’mirlash direksiyasiga rahbarlik qilgan. O‘z vaqtida u Toshkent shahar hokimi lavozimida ham faoliyat yuritgan.