O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 16 fevral kuni «O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi tizimida muhofaza etiladigan tabiiy hududlar tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida» qarorni imzoladi.

Hujjatga ko‘ra, Navoiy viloyatining Uchquduq tumanida umumiy maydoni 1,2 mln ga bo‘lgan «Markaziy Qizilqum» milliy tabiat bog‘i va Tomdi tumanida umumiy maydoni 40 ming ga bo‘lgan «Oqtog‘-Tomdi» davlat qo‘riqxonasi tashkil etilmoqda.

2022 yilda bog‘ va qo‘riqxona faoliyati Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobiga moliyalashtiriladi. 2023 yildan boshlab Navoiy viloyati mahalliy budjeti mablag‘lari moliyalashtirish ishlariga jalb etiladi.

Shuningdek, Davlat ekologiya qo‘mitasiga «Markaziy Qizilqum» milliy tabiat bog‘i va «Oqtog‘-Tomdi» davlat qo‘riqxonasi uchun malakali mutaxassislardan xodimlarni shakllantirish vazifasi topshirilgan.

Hujjatda 2018−2021-yillarda mamlakatdagi muhofaza etiladigan tabiiy hududlarning ulushi qariyb ikki baravarga, Ugam-Chotqol davlat biosfera rezervati, Xorazm milliy tabiat bog‘i va Janubiy Ustyurt milliy tabiat bog‘i, shuningdek, «Sudoche-» davlat qo‘riqxonasining ulushi qariyb ikki barobarga oshgani eslatilgan.

Muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni yaratishdan maqsad

Milliy tabiat bog‘i va davlat qo‘riqxonasi Qizilqum cho‘lining noyob tabiiy majmua va obyektlarini, shu bilan birga yo‘qolib ketish havfi ostida bo‘lgan noyob hayvonlar va qushlarni hamda o‘simlik turlarini, u yerlardagi landshaftlarni muhofazaga oladi, deyiladi Ekologiya qo‘mitasi xabarida.

Milliy tabiat bog‘i va davlat qo‘riqxonasi hududida Qizil Kitobga kiritilgan 30 dan ortiq turdagi noyob hayvon turlari, 10 dan ortiq o‘simlik turlari mavjud. Mazkur muhofaza etiladigan tabiiy hududlarda noyob hayvon turi — jayronning Qizilqum cho‘lidagi populyatsiyasining qariyb 80 foizi hayot kechiradi, deya qayd etadi ekologlar

«Markaziy Qizilqum» milliy tabiat bog‘i va «Oqtog‘-Tomdi» davlat qo‘riqxonasining tashkil etilishi muhofaza etiladigan tabiiy hududlarda noyob hayvonlar va o‘simliklar hamda tabiiy majmualarning muhofaza qilinishi natijasida yaqin o‘n yillik davrda hayvonlarning bosh soni kamida 15 foizga ortishi, o‘simlik populyatsiyalarining tarqalish areallari 20 foizga kengayishiga erishiladi, deya ishonch bildirmoqda Ekologiya qo‘mitasi vakillari.

Bundan tashqari, ushbu muhofaza etiladigan tabiiy hududlarning tashkil etilishi mintaqadagi tabiiy majmualarning qayta tiklanishiga hamda ekologik xavfsizlikka bo‘lgan tahdidlarning, ya’ni, cho‘llanishning ortib borishi, havoning qum va chang zarralari bilan ifloslanishi, iqlimning keskin o‘zgarishiga ta’sir ko‘rsatuvchi salbiy omillarning oldi olinishiga sharoit yaratishi aytilmoqda.