O‘zbekistonda endilikda bojxona xodimlari va ularning farzandlariga OTMga kirishda alohida kvota ajratiladi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev bojxona ma’murchiligini yanada takomillashtirish va sohani korrupsiyadan xoli tizimga aylantirish bo‘yicha ustuvor vazifalar yuzasidan o‘tkazayotgan yig‘ilishda aytib o‘tildi.

Yig‘ilishda, xodimlarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish chora-tadbirlari belgilab berildi.

Jumladan, Olot, Guliston, Termiz va boshqa hududlardagi olis postlarda ishlaydigan xodimlar uchun xizmat uylari barpo etilishi rejalashtirilmoqda.

Bojxona xodimlari va ularning farzandlari uchun oliy o‘quv yurtlariga kirishda alohida kvota ajratilishidan tashqari, joriy yilda uy-joyga ehtiyoji bor 100 nafar va har yili kamida yana shunchadan xodim imtiyozli ipoteka bilan ta’minlanadi.

Prezident yig‘ilish davomida bugungi kunda bojxona organlarida ayollarning ulushi bor-yo‘g‘i 8 foizni tashkil etishiga e’tibor qaratdi.

«Sohada adolat, halollik va tartibni joriy qilishni xohlar ekanmiz, tizimga ayol xodimlarni jalb qilish uchun barcha zarur shart-sharoitlarni yaratishimiz shart», — dedi davlat rahbari.

Shu munosabat bilan kelgusi ikki yilda ayollar ulushini kamida 2 barobarga oshirish bo‘yicha ishlarni hozirdan boshlash vazifasi qo‘yildi.

Sal avval, olis va sharoiti og‘ir postlarda ishlayotgan bojxona xodimlari ish haqiga qo‘shimcha ustamalar joriy etilishi haqida xabar bergan edik.